Breaking News

O'zbekistonda hayot Karimov aytganidek farovonlashyaptimi?


O`zbekistonda prezident Islom Karimov 2007 yil yakunlari va 2008 yildagi muhim ijtimioy-iqtisodiy vazifalar haqida gapirar ekan, xalq hayoti kun sayin yaxshilanib bormoqda deya ta’kidlagan. Lekin, deydi ayrim sharhlovchilar, bugungi turmush prezident tasvirlaganidek farovon emas.

Karimov Vazirlar Mahkamasi yig`ilishida yil yakunlari haqida so’zlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, o’tgan yilda O`zbekistonda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 9, 5 foizni tashkil etgan.

“2007 yilning dekabr oyidagi o`rtacha ish haqi xo`jalik va byudjet sohalarini hisobga olgan holda 210 AQSh dollarini tashkil etdi. 2001 yilda o`rtacha ish haqi kun kechirish uchun zarur bo`lgan mablag`ning 99 foizini tashkil etgan bo`lsa, 2007 yilda bu ko`rsatkich uch barobardan ko`proq oshdi, ta’kidlash joizki bu ko`rsatkich Mustaqil Davlat Hamdo’stligidagi yuqori ko`rsatkichlardan biridir”,- deydi Karimov.

Mustaqil tahlilchi va kuzatuvchilar prezident ma’ruzasi haqiqiy ahvoldan uzoqligini ta`kidlashmoqda.

“Hatto Tojikston va Qirg`izistonda ham o`zbek mardikorlari bor, holbuki u tomondan hech kim kelib O`zbekistonda ishlayotgani yo`q. Bu O`zbekistondagi ijtimoiy ahvolning nochorligini ko`rstadi. Prezidentning esa haqiqiy ahvoldan xabari yo`qqa o`xshaydi ”, - deydi sharhlovchi Toshpo’lat Yo`ldoshev.

O`zbekistonda kun kechirish uchun minimal iste`mol savati qanchaga tushishi mumkinligi rasman aniqlashtirilmagan.

Mustaqil jurnalist Sergey Ejkovning aytishicha o`tgan yili kuz oylarida ikki kishidan iborat oila uchun minimal xarajat 486 ming so`mni tashkil etgan.

“Ikki kishi, ona va bola uchun lozim minimal xarajatlarga oziq-ovqat, transport haqi, kommunal to`lovlar, gigiyena vositalari kiritilgan, xolos. Bugun bizga o`rtacha ish haqi minimal xarajatni kamida uch barobar qoplaydi deyishar ekan, bu albatta shubha uyg`otadi ”, - deydi journalist.

Sergey Ejkovning qayd etishicha inflyatsiya darajasi tobora ko’tarilib bormoqda. Ayniqsa ozoq- ovqat va maishiy to`lovlar bir necha barobar oshgan.

Prezident o`z ma`ruzasida ayniqsa qishloq joylarida yashovchi aholining turmush darajasini ko`tarishda qator ishlar amalga oshirilgannini ta`kidladi.

Jizzaxlik o`qituvchi Rasul Ziyoyev deydiki, muallimlar maoshidan elektr chirog’i uchun haq muttasil ushlab qolinadi, lekin chiroqdan darak yo’q.

"Ushlab qoladi, lekin chiroqni bermaydi. Sutkasiga ikki soat berishi mumkin. Gaz berilmayapti. Joylarda quvurlar nosoz. Qish mavsumida gaz oqimi bizga yetib kelmayapti ", - deydi Rasul Ziyoyev

Uning aytishicha o`qituvchilar orasida 270 mingga yaqin maosh oladiganlar yo`q.

“Men 5-8 sinflarga dars beraman. Oyligim 97 ming so`m. 150 ming so`m maosh olish uchun ertalab 8 dan kechqurun 6 gacha maktabda bo`lish kerak. Boshqa ishlarni ham bajarish, belgilangan darslarni berish kerak. Olgan oylik esa baribir oilani tebratishga yetmaydi”, - deydi Ziyoyev.

Ayrim viloyatlardan olingan ma`lumotlarga ko`ra bu yilgi qahraton qish, ayniqsa tuman tug`ruqxonalarida o`lim hollarini ko`paytirgan.

Prezident 2008 yilda iqtisodni zamonaviylashtirish, soliq siyosatini erkinlashtirish, xorijdan ko’proq sarmoya jalb etish va bozor iqtisodiga o`tish jarayonini takomillashtirish asosiy vazifalar demoqda.

Mutaxassislar fikricha iqtisodda markazlashgan boshqaruv usulidan voz kechilmas ekan, bu rejalarning amalga oshishi qiyin.

XS
SM
MD
LG