Rossiya Bosh vaziri Valdimir Putinning O`zbekistonga safari yakunlandi. Tomonlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy hamkorlikni ham muhokama qilgan. Sharhlovchilar esa Rossiyaning Kavkazdagi harbiy harakatlariga rasmiy Toshkent hali ham munosabat bildirmaganidan hayron.
Sharhlovchilar fikriga ko`ra, O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinni shaxsan kutib olib, keyin kuzatib qo`yishi tashrifga O`zbekiston tomonidan berilgan yuqori ahamiyatdan darak beradi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari Putin tashrifidan kutilayotgan asosiy maqsad Kavkazdagi vaziyat yuzasidan ittifoqchi topish deb mulohaza qilmoqda.
O`zbekistonda esa Rossiya bosh vazirining safari asosan iqtisodiy maqsadalarga yo`naltirilgan deya sharhlandi.
Putin O`zbekiston prezidenti va Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o`tkazdi.
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya bilan ittifoqchilik shartnomasi doirasida hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta`kidladi.
Bosh vazir Vladimir Putin O`zbekiston-Rossiya aloqalari faqat qog`ozda emas, balki amalda ham strategik ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.
Sharlovchilar Rossiyaning iqtisodiy sohadagi manfaatlari, jumladan, mintaqa gazi ustidan monopollikni saqlab qolish istagiga ahamiyat qaratadi.
Putin Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmini ko`paytirish uchun O`zbekiston hududida yangi quvurlar yotqizish haqida muzokara yuritdi.
Bu quvurlar Turkmaniston va qisman O`zbekiston gazi uchun mo`ljallangan. Agar loyiha amalga oshsa, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasining mintaqa gazi ustidan hukmronligi ortadi.
Putinning aytishicha, Rossiya O`zbekiston gazini Yevropa baholarida sotib olishga tayyor, bu esa yangi quvurlar qurilishini tezlashtirishi mumkin.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, O`zbekiston hududidan qo`shimcha gaz quvurlari yotqizilishi nafaqat O`zbekiston, balki Turkmaniston, Qozog`istondagi zaxilarga egalik rejasi bilan izohlanadi.
“Rossiya bo`ylab taransportirovka juda uzoqligi uchun bu iqtisodiy jihatdan ham to`g’ri kelmaydi. Bundan tashqari, bu qaramlikdan boshqa narsa emas. Agar Rossiya gazni boshqa sotib olmaymiz desa, O`zbekiston ahvoli juda og`irlashadi. Shuning uchun bizga turli yo`nalishdagi quvurlar kerak. Nazarimda Putin tashrifidan asosiy maqsad iqtisodiy emas, ko`proq siyosiy masala. Bosim orqali Gruziyaga qilgan urushni qo`llab-quvvatlashga erishish. Lekin bu boradagi muzokarlar qanday tugagani noma`lum”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.
Sharhlovchilarga ko`ra, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Rossiyaning Kavkazdagi harbiy harakatlari qo`llab-quvvatlanmadi. MDH davlatlari ham jim. Ayni paytda Kreml diplomatlari MDH davlatlaridan ittifoqchilar topish uchun ikki tomonlama muzokaralarga zo`r bergan. Bu Putinning O`zbekiston prezidenti bilan uchrashuvida ham bosh masala bo`lgan.
Vladimir Putinning O`zbekistonga safari davomida Toshkent-Moskva
o`rtasida 2012 yilgacha mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik shartnomasi
imzolandi. Rossiya bilan harbiy texnik masalalarda, kosmosni o`rganish, atom
energetikasi yuzasidan ham hamkorliklarni yo`lga qo`yishga kelishilgan.