Tojikistonda fuqarolar urushi oldidan, mojaro davrida va undan keyingi qiyin bir paytda yuz minglab yuqori malakali mutaxassislar, ular orasida ruslar va boshqa elat vakillari, mamlakatdan chiqib ketdi.
Ekstremist oqimlar kuchayishi, mahalliychilik, ijtimoiy hayotda o’zgalarni sig’dirmaslik kabi holatlar hayotni yanada murakkablashtirdi.
Bugun Tojikistonda nasroniylarning o’ndan ortiq missionerlik tashkilotlari faoliyat olib bormoqda.
Davlat tomonidan ularga bosim yo’q, lekin jamoatchilik orasida nasroniylarga nisbatan salbiy fikr-qarashlar mavjud.
Sovet davrida aholining 30 foizga yaqini nasroniylar edi, hozir nari borsa 50 ming.
Qayta qurish davrida nemis jamoasi tark etgan. Lekin nasroniylarning mamlakatdan yoppasiga ko’chishiga fuqarolar urushi sabab bo’lgan.
Namozxon ziyoli Abduqahhor Niyozalievning fikricha, o’lkada nasroniylarga salbiy munosabatning sababi bu jamiyatdagi nosog’lom muhitdir.
“Nasroniylar ham har xil bo’ladi. Hamma sariq kofir emas, ularda ham insof bor. Lekin, noinsof o’zimizni ichimizdagi odamlarda ham bor. Oppozisiya bo’ldi, davlat talashishdi bular. Jamiyat bilan odamlarni ishi bo’lmay qoldi. Hamma ozod, lekin jamiyat toza emas.”
Niyozaliev Norvegiyada sodir etilgan terror xuruji haqida to’xtalar ekan, bu illat din va elat tanlamaydi deydi, qo’poruvchilar har yerda bor.
Nafaqaxo’r ziyoli Adbumannon Olloyorov Qur’oni karim oyatlaridan iqtibos keltirib, nasroniylar bilan munosabat masalasida do’stona aloqalar zarurligini ta’kidlaydi.
“Qur’onda g’ayridinlar bilan sizlar go’zal muomalada bo’linglar, qachonki ular dinlaringizga tajovuz qilsa, shunda ular bilan qattiqqo’l bo’linglar degan oyatlarni o’qiganman”.
“Parvardigor Qur’oni karimda yana aytadiki, bizlar sizlarni har xil toifada, har xil ko’rinishda qilib yaratdikki, bir-birlaringni ko’rib, o’rganinglar. Shundan kelib chiqadiki, yaxshi bilan yaxshi aloqa o’rnatish, bir-biri bilan muloqot qilish hech qanday yomonlikka olib bormaydi. Aksincha, do’stlik bo’lsa, yaxshi muloqot bo’lsa, bular hammasi yaxshilikka olib keladi”.
Abduqahhor Niyozaliev nazarida dinlararo munosabatda keskinlikni yo’qotish uchun milliy masalaga jiddiy e’tibor qaratish kerak, millatga qarab ajratishni umuman bas qilish lozim.
“Millatchilik, agar sezgan bo’lsangiz, kuchayib ketgan bizda”,- deydi u.
Tojikistondagi nohiya jome’ maschidlaridan birining imom o’rinbosari Mirzoqosim Ismoilov har qanday din vakillari, agar ular yagona xudoga ishonsalar, ahillikda bo’lishlari zarur deb uqtiradi.
Mullo Mirzoqosim Qur’on oyatlaridan misol keltirarkan, “bir guruh ahli Kitob bor, ya’ni, Islomdan oldingilarki, ularga yahudiy va xristian dini kiradi, Islomda Kitob ahliga yaxshi aloqada bo’lish, yagona xudoga ishonmovchi mushriklarga aloqada bo’lgandan yaxshiroqdir deyiladi”, - deydi.
“Qur’onning Mumtaxana surasi, sakkizinchi oyatida “Olloh diningiz to’g’risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o’z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan - ularga yaxhsilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo’lishlaringizdan qaytarmagan” deb buyurilgan. Nasroniylar ham yagona xudoga itoat qiladi. Aslida hammamizning xudomiz birdir. Yaratuvchi yagona Olloh barchani ittifoqqa chaqiradi. Agar AQSh prezidenti Barak Obamaning chiqishlariga e’tibor qilsak, u doimo Islom diniga hurmatini izhor etib kelgan”,- deydi taqvodor.
“Yahudiy so’ygan mol biz uchun halol hisoblanadi. Shunday ekan, o’zaro aloqalarning mustahkam bo’lgani, rivojlangani yaxshi”.
Bugungi kunda ko’plab tojikistonlik yoshlar G’arb mamlakatlarida tahsil olmoqda, ishlamoqda.
Niyozaliev nasroniylar o’lkasida yurgan yoshlari vatanlariga G’arb madaniyati va odatlarini emas, ilm-fan yutuqlari, texnik taraqqiyot va ilg’or fikrlarni olib kelishlari kerak deb hisoblaydi.
“Nasroniylardan bizni o’rganadigan joylarimiz ko’p. Ulardan ilm-texnologiya olib kelish kerak. Yoshlar G’arb mamlakatlaridan behayolikni emas, yaxshi narsalarni o’rganib, o’zimizda joriy etsalar, bu bizning yutug’imiz bo’ladi, shunda mamlakat taraqqiyot topadi”.