AQSh Kongressidagi Xelsinki Komissiyasi (Helsinki Commission), huquq va erkinlik bilan bog’liq ahvolni kuzatuvchi idora, Qirg’iziston ommasini birdamlikka, qonli namoyishlar ketidan yuzaga kelgan mavhum vaziyatdan tinch yo’l bilan chiqishga chaqirmoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo'yicha bu komissiyaga Vakillar Palatasi va Senatdan 18 qonunchi a’zo. Shuningdek, unda Davlat departamenti, Mudofaa va Tijorat vazirligi vakillari ham o’tiradi.
Yaqinda bu tashkilot Qirg’izistonda erkinlik va huquq ahvoli og’ir deya tashvish bildirgan edi.
Komissiyaga Vakillar Palatasidan demokrat Elsi Xeystings (Alcee Hastings) va Senatda demokrat Ben Kardin (Ben Cardin) rahbarlik qiladi. Ular qo’zg’olonda halok bo’lgan o’nlab insonlarning oilasiga hamdardlik bildirmoqda.
“Qirg’izistonda vaziyat hozir juda o’zgaruvchan. Biz sharoit og’irlashib borayotganidan xabardor edik”,- deydi Nil Saymon (Neil Simon), komissiya matbuot kotibi.
“Inson huquqlari tinimsiz buzilayotgani, so’z va matbuot erkinligi cheklanib borayotgani va muxolifatga bosim kuchaygani sezilayotgan edi. Bu jamiyatda korrupsiya chuqur ildiz otganini ham yaxshi bilamiz. Hozirgi o’zgarishlar bizni yanada xavotirga solmoqda”,- deydi u.
Nil Saymonning qayd etishicha AQSh qonunchilari Qirg’izistonda muvaqqat hokimiyat o’rnatgan muxolifat bilan aloqaga kirmagan va oppozitsiya a’zolari ham ularga rasman murojaat qilmagan.
“Qirg’izistonda kim hukmron ekani haqida aniq bilmaymiz”,- deydi Nil Saymon. “Vaziyat qaltis. O’tgan besh yil ichida ikkinchi bor bu davlatda boshqaruv namoyishlar orqali ag’darilganiga guvohmiz. Eng muhimi hozir insonlar hayotini asrash, qonunga hurmatni ta’minlash, demokratik qadriyatlardan yuz o’girmaslik va birdamlikda kelajak haqida o’ylash”, - deydi Xelsinki Komissiyasi vakili.
Kevin Jouns (Kevin Jones), AQShning Qirg’izistonga nisbatan siyosatini uzoq yillardan beri tahlil qilib kelayotgan olim fikricha, Bishkekda vaziyat yaqin orada oydinlashmaydi.
“Kurmanbek Bakiyevning prezident sifatidagi kuni bitgan. Muvaqqat hukumat va Vashington bir-biri bilan ishlashga majbur”, deydi tahlilchi. Lekin uning nazarida Obama ma’muriyati yangi boshqaruvni rasman tan olishga shoshmasligi kerak.
AQShning Merilend Universitetida ilmiy izlanish bilan mashg’ul bu mutaxassis Roza Otunboyeva siyosiy faoliyati bilan yaqindan tanish. Respublikaga safar qilib, u bilan ko’p marta muloqotda bo’lgan. “Otunboyeva layoqatli arbob”,- deydi Kevin Jouns, “lekin kelasi olti oy nozik bir davr bo’ladi”. Qirg’izistonda hamma ham muxolifat bilan hamfikr emas. Ishsizlik, qashshoqlik va qonunbuzarlikda oppozitsiya a’zolarining ham qo’li bor.
“Roza Otunbayeva tashqi siyosat bobida ancha tajribaga ega. Amerika bilan yaqindan hamkorlik qilishiga ishonaman. Manas bazasi nafaqat daromad olib keladi, balki Bishkekka siyosiy kuch beradi ham, ayniqsa Rossiyaga nisbatan muomala quroli. Otunbayeva Amerika bilan boshqa sohalarda ham hamkorlikni oshirishi mumkin”,- deydi sharhlovchi.
Rossiya Bishkekdagi yangi boshqaruvni tan olgan va yordam taklif qilgan. Qirg’izistonda iqtisodiy jihatdan katta kuchga ega Xitoy esa hukumatga kim kelishidan qat’iy nazar astalik bilan sarmoya kiritishda davom etadi, deydi Kevin Jouns. Qo’shni davlatlar, jumladan O’zbekiston rahbariyati Qirg’izistonda “demokratiya” ish bermaganidan mamnun bo’lsa ajabmas, deydi tahlilchi.
Region repressiv bir muhit, deydi ekspert. Lekin aholi xunrezlik va buzg’unchilik emas, temir panja ostida yashash ma’qul deya fikr yuritadi.
Agar Qirg’izistonda 2005 yilgi inqilob kutilgan natijalarni berib, iqtisodiy ravnaq va qonun-huquqqa hurmat ta’minlanganida, balki odamlar bu davlatga havas qilayotgan bo’lar edi, deydi Kevin Jouns.
Uning fikricha Amerika hukumati Markaziy Osiyoda demokratiya va oshkoralik o’z aksini topmaganini tushunib yetgan va tegishli xulosa ham chiqarib bo’lgan.
“Qirg’iziston xalqiga achinamiz”, deydi amerikalik sharhlovchi.
Lekin bu xalq ayni damlarda nega bir-birimizga qarshi qurol ko’tarayapmiz deya o’ylanayotgan bo’lsa ham ajabmas. Har bir jamiyatdagi muammo kaliti o’sha jamiyatning o’zida, deydi Kevin Jouns.