Breaking News

Pentagon maxfiy ma'lumotlar qanday qilib internetda chiqqanini tekshira boshlagan


Qo’shma Shtatlar afg’on urushiga doir o’nlab ming maxfiy hujjatlar qanday qilib axborot vositalari qo’liga tushgani ustidan tekshiruv boshlagan.

Harbiy sirlar, xususan o’tgan olti yilni qamrovchi razvedka ma’lumotlari yaqinda Internetda “WikiLeaks” degan axborot ulashish saytida chop etilib, bir zumda butun dunyoga tarqaldi.

AQSh, Britaniya va Pokiston bundan norozi. Xavotir shuki, maxfiy operatsiyalar xususidagi informatsiyaning ommaga chiqishi hozir Afg’onistondagi ketayotgan harbiy harakatlarda pand berishi, askarlar hayotini xavf ostiga qo’yishi mumkin.

“Wikileaks” qo’lida 91 mingdan oshiq hujjat bor, hozircha ularning 76 mingi internetga qo’yilgan.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, maxsus tergov ishi ochib, aybdorlarni topishga bel bog’lagan.

Oq Uy nazarida razvedka ma’lumotlarini oshkor etish mas’uliyatsizlik bo’lgan. Gap davlat xavfsizligi ustida ketmoqda, deydi rasmiylar.

Global tarmoqda yoyilgan noyob informatsiya 2004-2009 yillarni o’z ichiga oladi. Unda Afg’onistonda Tolibon va al-Qoidaga qarshi maxsus amaliyotlar qanday rejalangani va kechgani haqida bilasiz. Pokiston razvedkasi jangarilarni zimdan quvvatlab kelgani haqida ham informatsiya bor.

Hujjatlarni yaqindan ko’rib chiqqan tahlilchi Erik Shmit fikricha ular juda murakkab materiallar.

“Bu ma’lumotlar sizni afg’on urushi ortidagi o’yin va nayranglar, Pokiston maxfiy xizmatining qabih ishlaridan voqif qiladi. Afg’onistonda toliblar bu organ bilan hamkorlikda Amerika va xalqaro koalitsiyaga qarshi xurujlar qilganini ko’rasiz”.

Boshqa bir ekspertning aytishicha esa fosh etilgan ma’lumotlarning ko’pi Afg’onistonda jang qilayotgan askar va ularning qo’mondonlaridan olingan.

“Wikileaks” sayti asoschisi Julian Assanj “Ularni oshkor etib to’g’ri qildik”,- deydi. Bu hujjatlarning ayrimlari, deydi u, urush jinoyatlaridan darak beradi.

“Shuni bilayapmizki, tasodif yoki baxtsiz hodisa deb atalgan voqealar aslida to’liq rejalangan xurujlar ekan. Odamlar yoppasiga nishonga olingan hollar ekan”,- deydi Assanj.

Oq Uy bu saytni aqlsizlikda ayblamoqda. Prezident matbuot kotibi Robert Gibbs bu ma’lumotlarni jamoatchilikka e’tiboriga chiqarish AQSh va uning ittifoqchilariga nisbatan hurmatsizlik deydi.

“Bu hujjatlar – maxfiy ma’lumotlar. Buni tushunish kerak. Afg’onistondagi harbiy harakatlarimiz samara berishi, askarlarimiz vatanga sog’-omon qaytishini istasak, bundan xavfli ishlardan tiyinishimiz kerak”.

Afg’on rahbari Hamid Karzay hujjatlar internetda chop etilganidan g’azabda ekanini bildirgan. Lekin, deydi uning so’zlovchisi Vohid Umar, bular eski informatsiya.

“Prezident fikri shuki bu ma’lumotlarning ko’pi eskirgan, ularga doir masalalar ko’p marta muhokama qilingan, bu haqda hamkor davlatlar bilan gaplashganmiz. Bu hujjatlarning internetda chiqishi biror ziyon keltirmaydi degan umiddamiz”.

Pokiston hukumati o’z razvedka xizmatini himoya qilmoqda. Ular toliblarga yordam berayapti degan xabarlar bugunni aks ettirmaydi, deydi rasmiylar.

Obama ma’muriyati oldida esa cheksiz jumboqlar. Afg’onistonda tinchlikka erishib bo’ladimi? AQSh bu davlatdan chiqqach, nima bo’ladi? Urushning to’qqizinchi yilida ham Oq Uy mana shu savollar bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG