Breaking News

O'zbekistonda Qirg'izistondagi o'zgarishlar yoritilmayapti


Qirg`izistonda davom etayotgan siyosiy jarayonlar, muxolifat va hukumat o`rtasidagi kurashni O`zbekiston axborot vositalari an’anaviy tarzda chetlab o`tmoqda.

Mamlakatdagi faollar fikricha bu Qirg`izistonda o`zbeklarning siyosiy jihatdan faol ekani bilan bog’liq.

O`zbekiston matbuotida Qirg`izistondagi jarayonlar haqida maqolalar uchramaydi.

Hukumat pozitsiyasidagi ayrim ekspertlar nazarida Qirg’iziston rangli inqilob natijasida siyosiy tartibsizliklarga tushib qolgan mamlakat.

Bunday qarashlarga ko`ra Qirg`iziston va Ukraina misolida rangli iqiloblarning muammoli yakunlarini ko`rish mumkin.

O`zbekiston muxolifati vakillari fikricha esa Qirg`izistonda demokratik jarayonlar kechmoqda. Asosiysi bu jarayonlar tinch yo`l bilan, aholining faol ishtiroki bilan o`tmoqda, deydi muxolifat a’zolari.

Huquq himoyachisi Adham Shoyimardonovning aytishicha, Qirg’izistonda mamlakat aholisi va muxolifatning hukumat bilan munosabatlarini tinch yo`l bilan hal etishi va ommaviy mitinglarga chiqish madaniyatini o`rganganini kuzatish mumkin.

“AQSda yoki Yevropada millionlab odamlar ko`cha namoyishiga chiqsa, negadir bu hech kimni qo`rquvga solmaydi. Qirg`izistonda ham shunday bo`layapti. Bu hukumat va aholi o`rtasidagi munosabatlar shakllanishining madaniy bir yo`li. Biz ham shunday jarayondan o`tishimiz kerak”, - deydi u.

Shoyimardonov deydiki, O`zbekiston hukumati qo`shni mamlakatda bo`layotgan voqealarni odamlardan yashirishga harakat qilayapti.

Uning fikricha O`zbekistonda Qirg`izistondagi kabi aholining mitinglar o`tkazish madaniyatini oshirib borish zarur. Ular hukumat tomonidan ta`qibga uchramasligi kerak.

“Chunki” , - deydi u, “O`zbekistonda ertami- kechmi baribir odamlar ommaviy tarzda ko`chaga chiqadi, biroq o`shanda ularni boshqarish qiyin bo`ladi”.

Muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasi raisi Nigora Hidoyatova nazarida O`zbekiston aholisi Qirg’izistondagi o`zbeklar misolida o`z huquqlarini demokratik jarayonlar tufayli qanchalik himoyalash mumkinligini o`rganishi mumkin. Aynan shu bois ham, deydi u, O`zbekiston hukumati Qirg`izistondagi voqealar haqida sukut saqlashni afzal ko`rmoqda.

“Ko`plar hozir Qirg`izistondagi voqealar fuqaro urushiga yoki milliy janjalga aylanib ketishi mumkin deya fikr bildirmoqda. Unday bo`lmaydi. Qirg`izistondagi vaziyat siyosiy inqirozga yaqinlashayapti, lekin bu inqiroz hech qanday qonli to`qnashuvlarsiz, siyosiy bahslar va tinch ommaviy chiqishlar orqali hal etiladi”, - deydi Nigora Hidoyatova.

XS
SM
MD
LG