“Amerika Ovozi” O’zbek xizmatining Qirg’izistondagi muxbiri Alisher Soipov o’tgan yil 24 oktabrida O’shda noma’lum shaxslar tomonidan otib ketilgan edi. Jinoyat haligacha fosh etilmagan.
Marhum jurnalistning otasi Avaz Soipov Qirg’iziston rahbari Qurmanbek Bakiyev va O’zbekiston prezidenti Islom Karimovga maktub yo’llab, tergov jarayoni yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi esa qotillikni fosh qilish uchun faol choralar ko’rilayotganini bildiradi.
Qurmanbek Bakiyev qotillik yuzasidan tergovni shaxsan o’z nazoratiga olishga va’da qilgan edi, ammo Avaz Soipovning aytishicha tergovga mas’ul rasmiylar vazifasiga loqaydlik bilan qaramoqda. Unga ko’ra tergov jarayonida muhim dalillar ataylab yo’q qilingan. Guvohlar ko’rsatmasi asosida tuzilgan fotosurat haqiqatni aks ettirmaydi.
“Boshidanoq qotilni topish o’rniga Alisherni qoralashga tushishgan. Ko’rsatilgan suratda esa Alisherning ishiga taalluqli bo’lmagan odamlar”, - deydi Avaz aka. Uning nazarida qotillik Qirg’iziston va O’zbekiston maxsus xizmatlari hamkorligida amalga oshirilgan, uzoq va puxta rejalangan siyosiy jinoyatdir.
Qirg’iziston Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili Bakit Sayidov tergov davom etayotganini ta’kidlaydi.
“Yangi ichki ishlar vaziri kelishi bilan u Alisher Soipov va qator boshqa jinoyatlar bo’yicha taftishni o’z nazorati ostiga oldi. Tergovni O’sh ichki ishlar boshqarmasi olib bormoqda. Tergov bo’yicha aniq bir narsa deya olmayman, ammo tergov davom etmoqda”, - deydi qirg’iz rasmiysi.
Avaz Soipov yangi ichki ishlar vazirini ijobiy ta’riflaydi.
“Shaxsini hurmat qilgan insonlardan ekan, vazifaga kelganidan buyon Alisherning buyumlari va texnikasini qaytarib olyapmiz. Buzilgan jihozlarini tuzatib berishga va’da berdi”, - deydi marhum jurnalistning otasi.
Qirg’iziston Jurnalistlar uyushmasi vakili Marat Tokayev Amerika Ovozi bilan suhbatda yangi tergov guruhi tuzilganini ma’lum qildi.
“Ichki ishlar vazirligi bu ish bilan shug’ullanyapti. Bir kishi shubha ostida. U haqda ma’lumotlar aniqlanmoqda. Jinoyatda gumon qilingan kishi qidirilmoqda. Bundan tashqari yangi tergov guruhi tuzilgan”, - deydi Marat Tokayev.
Uning nazarida nisbatan erkin matbuotga ega mamlakatda jurnalistika kasbi qattiq bosim ostida. Shu sabab qotilliklar borasida gapirish oson emas.
“Jurnalistika juda ham xavfli kasb bo’lib qoldi. Akayev davrida ham jurnalistlarga hujum qilinar edi, biroq javobgarlarni darrov topishar edi. Yangi hukumat kelgach, aybdorlar javobgarlikka tortilmaydigan, hukumat esa ishiga loqaydlik bilan qaraydigan bo’lib qoldi. Matbuot erkinligi haqida gapiradigan bo’lsak, senzura davlat darajasida ham, har bir matbuot idorasida ham mavjud”, - deydi jurnalist.
Alisher Soipovning o’limi borasida aniq ma’lumot berilmayotganidan norozi Avaz Soipov ham shu fikrga qo’shiladi.
“O’shdagi jurnalistlar, radio va televideniye kabi axborot vositalari katta bosim ostida. Qo’shni O’zbekiston matbuotida jurnalistlarga qarshi tashviqot ketyapti. Ayrimlar yana bir narsani o’ylayapti shekilli”, - deya tashvishlanadi Avaz Soipov.