2005 yilda Qizg’aldoq inqilobini boshdan kechirgan Qirg’izistonda oradan 3 yil o’tib siyosiy-iqtisodiy vaziyat yana qaltis.
Mamlakatda narx-navoning o’sishi, energetik inqiroz hamda inqilob ketidan amalga oshmagan va’dalar Qurmanbek Bakiyev hukumatiga nisbatan norozilik kayfiyatini kuchaytirmoqda. Ana shu to’lqinda qayta jonlanayotgan muxolif partiyalar kelasi yil bahorda yana namoyishlarni boshlamoqchi.
Qirg’izistonning ko’zga ko’ringan muxolifatchilaridan biri, “Ata-Meken” partiyasi rahbari, o’tmishda parlament spikeri bo’lib ishlagan Omurbek Tekebayevning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, mamlakatni bugun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va hatto ahloqiy-ma’naviy inqiroz qamrab olgan. Asosiy muammo - hukumatga va davlat rahbariga nisbatan ishonch yo’qolganida.
“Amaldagi siyosiy tizim nuqsonlari negizida prezidentning hokimiyat jilovini o’z qo’lida mahkam ushlab turgani yotadi. Qirg’izistondek ma’muriy-byurokratik usulda boshqariladigan davlatda bir guruh amaldorlarning o’z shaxsiy manfaati hamisha xalq va fuqaro manfaatlaridan ustun turadi”, - deydi Tekebayev.
“Ata-Meken” partiyasi rahbari fikricha “Qirg’zistonni bugun xalq saylagan yoki konstitutsiyaviy vakolatga ega organlar emas, bir-biriga raqib hukmron guruhlar, jumladan davlat rahbarining yaqin do’stlari-yu qarindoshlari boshqarmoqda”.
Ular o’rtasidagi kurash, fitna va siyosiy o’yinlar hamda xalq fikriga beparvolik, deydi Tekebayev, davlat hokimiyatini layoqatsiz, falaj holga keltirish arafasida.
Qator muxolif partiyalarni o’z ichiga olgan “Adolat Uchun” harakati prezident Bakiyevdan mamlakat siyosiy tizimini o’zgartirib, parlament boshqaruviga o’tishni talab qilmoqda. Sobiq parlament spikeri Omurbek Tekebayev, “Ak Shumkar” partiyasi rahbari Temir Sariyev va sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov ilgari surayotgan islohot dasturi negizida raqobat yotadi.
“Siyosiy, iqtisodiy sohada hamda ommaviy axborot vositalari o’rtasida raqobat”, - deydi Tekebayev. Xususan, mamlakat bosh qonunida muxolifat faoliyatini kafolatlash, Qirg’iziston parlamentida bir partiya monopoliyasini tugatish taklif qilinmoqda. Ya’ni saylovda qancha ovoz to’plashidan qat’iy nazar, bir partiya 90 o’rindan 50 tasini egallashi mumkin, xolos. Qolgan o’rinlar boshqa partiyalar o’rtasida taqsimlanadi.
Parlament qo’mitalari va saylov komissiyasining ayrim a’zolari ham muxolifatdan bo’lishi shart, - deyiladi “Adolat Uchun” harakati rezolyutsiyasida. Hujjat yaqinda Bishkekda o’tgan qurultoyda qabul qilingan. Biroq bu hujjatlar, chaqiriqlar biror natija berishiga ishonch bormi?
Qirg’izistonda, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga qaraganda, muxolifat ancha erkin va faol, ammo bir paytning o’zida ancha tarqoq. Qog’ozda bir gap, amalda esa boshqa gap.
Siyosiy tahlilchilar fikricha ushbu sa’y-harakatlar natija berishi mumkin – agar muxolifat birlashib, haqiqiy koalitsiyaga aylana olsa. Bu esa ehtimoldan yiroq. Sabab har bir partiya o’ziga yarasha nufuzli, kuchli liderga ega. Har biri o’z foyda-manfaatlari ketidan quvadi. Bundan tashqari, xalq ularga ergasharmikan?
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashingtonda doktorlik dissertasiyasi ustida ishlayotgan yosh olim Alisher Hamidov quyidagi fikrni bildirdi:
“Bu konsepsiyaning matniga qaraganda, yaxshi yozilgan, yaxshi fikrlar bor. Lekin uni amalga oshirish juda ham qiyin. Sabablari shundaki hozirgi muxolifat uncha kuchli tashkil topmagan. Aholi orasida uncha katta hurmatga sazovor emas va ularning resurslari juda ham nochor hozir”, - deydi Hamidov.
Prezident Bakiyev tarafdorlari nazarida ham Qirg’izistonda hozir kuchli muxolif partiyalar bor deyish qiyin. Shunchaki bir necha ko’zga ko’ringan siyosatchilar va ularga ergashayotgan odamlar.
“Adolat Uchun” harakati olg’a surayotgan taraqqiyot konsepsiyasiga qo’shilmayotgan qator boshqa partiyalar o’z qurultoyini o’tkazishini bildirmoqda. Ayrimlari prezident ishdan ketishini talab qilsa, boshqalari Qirg’iziston parlament boshqaruviga tayyor emas degan fikrda.
Hukumatga o’z tavsiya-takliflari bilan chiqayotgan muxolifatchilar ahvol o’zgarmasa, kelayotgan bahorda yana namoyishlarni boshlaymiz deydi.
“Biz hukumatni o’zgarishlarga da’vat etyapmiz. Bahorda birlashgan muxolifat aksiyalari kutilmoqda. Maqsadga erishamizmi-yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi. Ammo Qirg’iziston siyosiy tizimini rivojlantirish yo’lida va fuqaro jamiyati uchun muhim tajriba bo’lishi aniq”, - deydi “Ata Meken” rahbari Omurber Tekebayev.
Tadqiqotchi Alisher Hamidov namoyishlar ish berishiga shubha bilan qaraydi:
“Bu puxta o’ylanmagan reja. Buni menimcha hozir xalq qo’llab quvvatlamaydi. Qirg’iz muxolifatiga shunday bir tavsiyaki, ular kuchlarini ehtiyotlab, har narsaga sarflamasdan, aholi orasida o’zlarini nufuzini oshirishi kerak. Juda ko’p ishlar olib borishi kerak”.
Alisher Hamidov fikricha kelasi yil Qirg’izistonda siyosiy vaziyat ko’p jihatdan qish qanday kelishiga bog’liq. So’nggi 9 oy mobaynida bo’lgani kabi, elektr energiyaning uzib qo’yilishi hollari davom etadigan bo’lsa, aholi orasida norozilik kuchayib muxolifat uchun imkoniyat yaratadi.
Biroq har yili aprel-mart oylarida odatiy holga aylangan chiqishlarga qarshi hukumat ham o’ziga yarasha immunitet hosil qilgan. Buni ham hisobga olish kerak.