Prezident Qurmanbek Bakiyev referendumda o’zi tayyorlagan konstitutsiya loyihasi uchun ovoz berilishini ma’lum qilgan. Xalqqa qilgan murojaatida u, shuningdek, o’z siyosiy partiyasini tuzishini aytgan.
Qurmanbek Bakiyev konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazish va’dasi bilan 2005 yilning mart oyida Qirg’izistonda inqilobga sabab bo’lgan namoyishlar to’lqinida hokimiyat tepasiga kelgan. Muxolifat prezidentni islohotlarni kechiktirayotganlik hamda o’z vakolatlarini kuchaytirayotganlikda ayblaydi.
O’tgan yilning noyabr va dekabr oylarida muxolifat bosimi bilan qabul qilingan ikki konstitutsiya tahriri deputatlar Qabay Qarabekov va Melis Eshimqanovlar arizasiga ko’ra bir hafta avval Konstitutsion Sud tomonidan bekor qilindi.
Ayni paytda mamlakatda 2003 yilda qabul qilingan konstitutsiya qonuniy kuchga ega ekani aytiladi. Asqar Akayev davrida qabul qilingan bu konstitutsiyada prezident vakolatlari cheklanmagan.
Parlamentdagi muxolif deputat O’murbek Tekebayevning aytishicha, shoshilinch referendum e’lon qilish orqali hozirgi prezident o’z qudratini mustahkamlab olishga intilmoqda.
“Bir oy ichida hujjatning mazmuni qora xalqqa yetib bormaydi. Mening o’yimcha, ilgari Aqayev davrida bo’lgani kabi zo’rlik va ko’zbo’yamachilik bilan referendum o’tkaziladi. Prezident taklif qilayotgan qonun loyihalari o’tdi deb e’lon qilinadi”, - deydi deputat O’murbek Tekebayev.
21 oktyabr kuni o’tishi kutilayotgan referendum hukumat va muxolifat o’rtasida ikki yildan buyon davom etayotgan konstitutsion islohot mojarosiga chek qo’yadimi yoki referendumdan keyin mamlakatda yangi siyosiy bo’hron boshlanadimi?
Referendumga qo’yiladigan konstitutsiya loyihasiga ko’ra, Qirg’izistonda kelgusi parlament saylovlarida deputatlar partiyaviy ro’yxatlar asosida saylanadi. Ayni paytda aholisi 5 milliondan sal ko’p bo’lgan Qirg’izistonda yuzdan ortiq siyosiy partiya ro’yxatga olingan.
Parlament deputati Saydullo Nishonov fikriga ko’ra, referendumdan keyin Jo’qorg’i Kenesh tarqatilishi mumkin. So’ng, deydi u, mamlakatning qonun chiqaruvchi tizimi bo’lgan parlamentga yangi saylovlar e’lon qilinadi.
Muxolifat prezident Qurmanbek Bakiyevning partiya tuzish qarorini Qozog’istonda Nursulton Nazarboyev muvaffaq bo’lgani kabi parlamentni o’ziga yaqin shaxslardan shakllantirishga urinish deya baholamoqda.
Prezident o’z partiyasini mavjud siyosiy guruhlar hisobiga yoki yangidan tuzishi haqida aniq ma’lumot bermagan. Prezident o’zi tuzadigan partiya Qirg’izistonni rivojlangan demokratik davlatlar safiga qo’shish uchun harakat qilishini aytgan.
“O’z deputatlarini o’tkazish, Qozog’istondagi singari bir partiyani hukmron qilish kabi harakatlar bilan xalqni qiynab qo’yishsa, noto’g’ri bo’ladi. Xalq bugun boshqa. Uni zo’rlasa, o’t chiqadi. Agar xalq rostdan ham bir-ikkita partiyani yoqlab ovoz bersa, turmush yaxshilansa, unda hech qanday qarshilik ko’rsatmaslik kerak”, - deydi deputat Saydullo Nishonov.