Breaking News

Qirg'iziston konstitutsiyasi taqdirini xalq hal qiladi


Qirg’izistonda shu yakshanba mamlakat bosh qonuniga tuzatishlar kiritish bo’yicha referendum o’tadi. Prezident Qurmanbek Bakiyevga moyil yangi “Oq yo’l” (“Aq Jo’l”) partiyasi mavqeini mustahkamlab, obro’ qozonishga urinmoqda.

Hafta boshida Qurmanbek Bakiyev “Oq yo’l” partiyasi tuzilganini rasman e’lon qilgan.

“Biz o’z hamfikrlarimiz bilan birlashdik. Biz yangi partiya tuzdik. Bu ulkan tarixiy voqea”.

Avval partiyaga Qirg’iziston prezidenti raislik qilishi mo’ljallangan. Biroq bu qonunanga zid bo’lgani uchun uning nomzodi bekor qilingan.

Referendumdan keyin prezident Bakiyev partiya parlamentda hukmron bo’lishiga erishish niyatida.

Aholisi 5 milliondan sal ko’proq Qirg’izistonda 100 dan ortiq siyosiy partiya ro’yxatga olingan.

Yakshanba kuni o’tishi kutilayotgan referendumda Qurmanbek Bakiyev taklif etgan o’zgartirishlar asosida prezident vakolati kuchaytirilgan konstitutsiya tahriri uchun ovoz beriladi.

O’tgan yilning noyabr oyida muxolifat bosimi bilan, dekabr oyida parlamentning ayrim deputatlari tashabbusi bilan qabul qilingan bosh qonun loyihalari kuz boshida Qirg’iziston Konstitutsion Sudi tomonidan bekor qilingan.

Qirg’iz muxolifati Qurmanbek Bakiyevni Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev izidan borib, partiya tuzish hamda referendum o’tkazish orqali mamlakatda yakka hukmronlik o’rnatishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Prezidentga moyil kuchlar esa muxolifatni subutsizlikda ayblamoqda.

Qirg’iziston Adliya vaziri Marat Qayipovning aytishicha, muxolifat 1 yil avval referendum va islohotlarni talab qilgan:

“Avval muxolifat prezident referendum qilmaydi, islohot qilmaydi deb tanqid qilgan, endi esa jizzakilik boshlandi”.

Nodavlat tashkilotlar vakillari prezidentni shoshmashosharlik bilan referendum o’tkazmaslikka, aksincha, avval konstitutsiya bandlari va boshqa qonunlarini takomillashtirishga chaqirgan.

Mamlakatda soni milliondan ortiq o’zbek jamoatchiligi referendum o’tkazish g’oyasini qo’llab-quvvatlashga qaror qilgan.

Prezident qoshidagi Inson Huquqlari bo’yicha komissiya rahbari Tursunbek Aqun fikricha, mamlakatda prezidentga xushomadgo’ylik avj olgan:

“Yomon tomoni – hamma bir ovozdan kakku kabi sayramoqda. Men buni qo’llay olmayman”.

Referendum arafasida Qirg’izistondagi ko’plab arboblar, ba’zi siyosiy partiyalar a’zolari “Oq yo’l” safiga o’ta boshlagan. Muxolifat esa mag’lubiyatga uchramaslik uchun, odatdagidek, birlashish masalasini muhokama qila boshlagan.

Muxolifat referendumdan keyin parlament tarqatilgach, prezidentga moyil “Oq yo’l” partiyasi ma’muriy vositalar yordamida hokimiyat tepasiga kelishi mumkinligidan xavotirda.

“Men bu partiya keyingi saylovda ko’p ovoz oladi deb o’ylayman”, - deydi Sotsial-demokratlar partiyasi a’zosi Adil Turduqulov.

XS
SM
MD
LG