Breaking News

Qirg'izistonda namoyishlar; muxolifat Bakiyevdan norozi


Kecha Qirg’iziston muxolifati respublika bo’ylab ommaviy namoyishlar o’tkazgan.

Qator siyosiy islohotlar va prezident saylovlarini amaldagi rahbar Qurmanbek Bakiyevsiz o’tkazish talabi olg’a surilgan. Talab qondirilmasa, muxolifat yangi namoyish o’tkazishini aytmoqda.

Sotsial-demokratlar partiyasi yetakchiligida tuzilgan Birlashgan xalq harakati mamlakat bo’ylab namoyish uyushtirib, muxolifat jips ekanini ko’rsatishga harakat qilyapti.

Harakat yetakchilaridan biri, parlament deputati Bakitbek Beshimovning aytishicha, namoyish tinch, hech bir hodisasiz o’tgan. To’rt yil burungi inqilob paytida bo’lgani kabi davlat to’ntarishiga chaqirilmagan.

“Biz hukumat ichida chuqur ildiz otgan korrupsiyaga qarshi norozilik bildirib, birdamligimizni ko’rsatdik”, - deydi Beshimov.

Namoyish nihoyasida muxolifat qaror qabul qilib, hukumatdan qator talablarni bajarishni so’ragan. Xususan 23 iyulga belgilangan prezident saylovlari oldidan saylov komissiyasi tarkibiga muxolifat a’zolarini kiritish, prokuratura, ichki ishlar vazirligi, davlat xavfsizligi xizmati, mudofaa vazirligi kabi kuch tuzilmalari rahbarlarining yarmini muxolifatdan tayinlash, saylovlarni amaldagi prezident Bakiyevsiz o’tkazish talab qilingan.

Talab qondirilmasa, birlashgan muxolifat 20 apreldan so’ng cheksiz namoyishlar o’tkazishini aytmoqda.

Muxolifatning yana bir yetakchisi, sobiq tashqi ishlar vazirasi Roza Otunbayevaning bizga aytishicha, Bakiyev demokratik tamoyillardan chetga chiqib, hukumat siyosatiga qo’shilmagan faollarni ta’qib etishga buyruq bergan.

“Namoyishlar yozda bo’ladigan prezident saylovlariga tayyorgarlikning birinchi bosqichi. Saylovlarga tayyorgarlik ko’rish uchun vaqt oz va hukumat ovozlarni soxtalashtirishga harakat qiladi deb o’ylaymiz”, - deydi Otunbayeva.

Parlamentga sotsial-demokratlar partiyasidan deputat etib saylangan Otunbayevaning aytishicha, muxolifat saylovlarda yagona nomzodni qo’llab-quvvatlaydi va uning ismi kelasi oy boshida ma’lum bo’ladi.

XS
SM
MD
LG