Breaking News

Qirg'izistonda namoyishchilar ochlik e'lon qilmoqda


Qirg’iziston sobiq bosh vaziri Feliks Kulov hukumat bilan muloqot qilish ma’nosiz ekanini aytar ekan, mamlakatda ommaviy namoyishlarga taraddud ko’rilayotganini ta’kidlagan.

5 aprel kuni, ertalab Bishkek shahrida, Qirg’iziston parlamenti binosi qarshisiga palatkalar o'rnatib, siyosiy ochlik e’lon qilgan muxolifatning Birlashgan Jabhasi a’zolari prezident Qurmanbek Bakiyevning iste’foga ketishini talab qilmoqdalar. 107 kishidan iborat ochlik namoyishchilari orasida parlament deputati Melis Eshimqanov ham bor.

Ochlik namoyishi qatnashchilaridan biri Beknazar Urumovning aytishicha, mamlakatni avval sobiq prezident Askar Akayevning oilasi boshqargan bo’lsa, endi Qurmanbek Bakiyevning o’g’li va aka-ukalari boshqarmoqda.

“Bunday prezident bilan islohot o’tkaza olmaymiz. Biz islohotlar bo’lishini xohlaymiz, ammo buning uchun chirik tizimni sindirishimiz kerak. Tizim esa, Bakiyev ketmaguncha sinmaydi”, – deydi Beknazar Urumov.

Ayni paytda mamlakat bo’ylab murosasiz muxolifatga qarshi prezident tarafdorlarining aksilnamoyishlari bo’lib o’tmoqda. Asosan Qirg’iziston janubidan mamlakat shimoliga Qurmanbek Bakiyevni qo’llab-quvvatlash uchun ayollar va sportchi yoshlar guruhlari yuborilayotgani aytiladi.

Qirg’iziston Xavfsizlik Kengashi kotibining o’rinbosari Alik O’ro’zov esa, o’z lavozimidan bo’shab, muxolifatga qo’shilganini ma’lum qilgan.

Birlashgan Jabha yetakchisi, sobiq bosh vazir Feliks Kulov 5 aprel kuni Bishkek Matbuot Klubida anjuman o’tkazib, jurnalistlarga prezident bilan murosaga bormasligini va 11 aprel kuni muxolifatning keng ko’lamli norozilik namoyishlari boshlanishini aytgan.

Shuning bilan birga u muxolifatning prezidentga yangi talablarini ham e’lon qilgan.

“Biz konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqib, uni davlat kotibiga topshirdik. Qonunga ko’ra, o’tgan yilning dekabronstitutsiyasini bekor qilamiz va noyabrda qabul qilingan konstitutsiya me’yorlariga qaytamiz. Konstitutsiyaviy qonun orqali o’tish davri qoidalarini tuzamiz, koalitsion hukumat esa hozirgiga nisbatan kengroq vakolatlarga ega bo’ladi. Hukumat va bosh vazir prezidentning ishtirokisiz parlament tomonidan tashkil qilinadi”, - deydi Feliks Kulov matbuot anjumanida.

Birlashgan Jabha bu talablarni amalga oshirish uchun prezidentga ertagacha muhlat bergan.

Mahalliy axborot agentliklari xabarlariga ko’ra, xavfsizlik kuchlari ham muxolifat namoyishlariga jiddiy tayyorgarlik ko’ra boshlaganlar. “24.kg” axborot agentligining bugungi xabarida Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi xodimlari namoyishlar arafasida Bishkekdagi qurol-aslaha do’konidan miltiq va elim o’qlar sotib olayotganlari yozilgan.

Tahlilchilar Qirg’izistondagi siyosiy inqiroz sabablarini 2005 yilning 24 mart kuni sobiq prezident Askar Akaevni taxtdan haydab o’rniga kelgan “inqilobchilar”ning layoqatsizligida, urug’-aymoqchilik hamda mamlakat aholisining “janublik-shimollik” bo’lib bo’linishida ko’radilar.

XS
SM
MD
LG