Qirg’izistonda muxolifat namoyishi ikkinchi kun davom etmoqda.
Feliks Qulov boshchiligida Birlashgan Front “Bakiyevsiz islohotlar” shiori bilan Bishkekda prezidentning iste’fosini talab qilmoqda.
Prezident Bakiyev esa muxolifatga yon bermoqchi emas.
Qirg’izistonda kechayotgan siyosiy jarayonda, odatdagidek, asosan qirg’iz millatiga mansub shaxslar qatnashmoqdalar.
Qirg’izistonda yashayotgan qariyb 1 million nafar o’zbek millatiga mansub aholi kundalik tirikchilik bilan ovora. Deputatlar, milliy-madaniy markazlar faollari va jamoat arboblari esa, jarayonni faqat kuzatish va tahlil qilish bilan cheklanmoqdalar.
Jalolobodlik jamiyatshunos Ulug’bek Abdusalomovning aytishicha, Qirg’izistondagi siyosiy buhronlar sababi urug’-aymoqchilikka asoslangan boshqaruv tizimidadir.
“Qirg’izistonda siyosiy barqarorlik o’rnatilishi uchun boshqaruv tizimi o’zgarishi kerak”, - deydi Ulug’bek Abdusalomov.
Bishkeklik tahlilchi Iqbol Mirsaitov Ulug’bek Abdusalomovning fikriga qo’shiladi.
“Ammo”, - deydi u, “tizimni o’zgartirish uchun siyosiy elita ham almashishi kerak”.
O’shlik siyosatshunos Murtazo Umarov fikricha, siyosiy buhron sababini faqat tizimdan emas, buyuk davlatlarning mintaqada yuritayotgan siyosatidan ham izlash lozim.
Qorasuvlik tujjor Ayyubxon Mashrabov buhron sababini mamlakatning iqtisodiy rivojlanish salohiyati yo’qligida deb biladi.
Ayyubxon Mashrabovga kora, bunday vaziyatda siyosatchilar yakka hokim bo’lish uchun o’z manfaatlarini o’ylaydilar, xolos.
Suhbatdoshlar fikrlaridan “tizim o’zgarmaguncha jamiyatda ham ijobiy o’zgarishlar yuz bermaydi” ma’nosida umumiy xulosani anglash qiyin emas.
Jalolobodlik jamiyatshunos Ulug’bek Abdusalomov esa, bugungi Qirg’iziston jamiyatini aynan parlament boshqaruvi olg’a yetaklay olishiga ishonadi.