Breaking News

Qirg'izistonda o'zbeklar ham deputatlik mandati uchun kurashmoqda


Qirg’izistonda 16 dekabr kuni parlament saylovlari o’tadi. Unda ishtirok etish uchun 12 ta partiya ro’yxatdan o’tgan. Deputatlikka nomzodlar orasida o’zbeklar ham bor.

Bu yilgi saylovlar shunisi bilan farq qiladiki, ularda saylovchilar alohida nomzodlarga emas, partiyalarga ovoz beradi. Markaziy Saylov Komissiyasiga ariza bergan 22 partiyaning 12 tasi ro’yxatdan o’tgan. Ularning eng yirigi – prezident Qurmanbek Bakiyevning “Aq Jol” yoki “Oq Yo’l” partiyasi. Parlamentga kamida 5 foiz ovoz to’plagan partiya o’tadi.

O’shlik jurnalist Hulkar Isomova “Oq Yo’l” g’alabasiga shubha qilmaydi. Jurnalistning aytishicha, odamlar bu guruhning hokimiyatdagilarga yaqinligini hisobga olmoqda. Biroq mahalliy o’zbeklar saylovlar adolatli o’tishiga ishonmaydi, deydi Hulkar Isomova.

Qirg’izistonlik o’zbeklar saylovlarda avvaliga yagona front bilan qatnashishni rejalagan, biroq keyinchalik bu fikrdan qaytgan. Bundan tashqari negizini etnik o’zbeklar tashkil qiluvchi “Vatan” partiyasi saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olinmagan.

Shunga qaramay qirg’izistonlik o’zbeklar boshqa partiyalar orqali parlamentga kirish umidida. Alisher Sobirov Jogorku Kenesh deputati. Hokimiyatdagi “Oq Yo’l” partiyasining siyosiy kengashi a’zosi.

Uning aytishicha, saylovlarda partiya safidan deputatlikka nomzod sifatida yetti nafar o’zbek qatnashadi. Partiya g’alaba qozongan taqdirda, ularning nomzodlar ro’yxatida tutgan o’rniga qarab aksariyati deputatlik mandatini qo’lga kiritishi mumkin.

Ta’kidlab o’tish joizki, “Aq Jol” partiyasining 4-raqamli nomzodi o’zbek millatiga mansub Ernest Akramov. Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan xirurg.

Saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berilgan jami 12 partiya tarkibida 40 qa yaqin o’zbek bor, deydi Alisher Sobirov.

Xabarlarga ko’ra, Qirg’iziston Sotsial-demokratik partiyasi mas’ul kotibi Edil Baysalov siyosiy boshpana so’rab chet elga chiqib ketgan. Unga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgan. Baysalov noqonuniy ravishda rasmiy saylov byulleteni tasvirini o’z Internet sahifasida joylashtirganlikda ayblanmoqda. Bu harakati uchun Baysalov nomzodlar ro’yxatidan olib tashlangan edi.

Tergovchilar nazarida saylov byulletenini oshkor qilish soxtalashtirish hollariga olib kelishi mumkin, shu bois saylov byulleteni o’zgacha ishlanib ikki milliondan ziyod nusxada qayta bosilgan. Sotsial-demokratlar partiyasi a’zosi Baysalov ayblovlarni rad etmoqda.

Saylovlarda sobiq Bosh vazir Feliks Kulov va uning “Or-Nomus” partiyasi ham ishtirok etmoqda.

XS
SM
MD
LG