Breaking News

Qirg'izistonda parlament tarqatib yuborilgan


Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev kechagi referendum ortidan bugun parlamentning tarqatilganini e’lon qildi.

“Men parlamentning hozirgi chaqirig’ini tarqatib yuborish to’g’risida qaror qabul qildim. Samimiy aytamanki, Jo’g’o’rqu Keneshning ushbu tarkibi oddiy bo’lmagan taqdirni boshdan kechirdi”, - dedi prezident Bakiyev.

U qirg’iz deputatlarini iqtisodiy masalalar o’rniga siyosiy jarayonlarga qatnashishda, hokimiyatni to’la nazorat qilishga urinishda aybladi.

Yakshanba kuni Qirg’izistonda prezident vakolatlarini kuchaytiruvchi konstitutsiya loyihasi va yangi saylov kodeksini qabul qilish bo’yicha referendum bo’lib o’tdi. Prezident Bakiyevning referendumdan keyin o’ziga bo’ysunmayotgan parlamentni tarqatib yuborishi mumkinligi to’g’risida avval taxmin qilingan.

“Referendumdan keyin prezident parlamentni tarqatib, yangi saylovlar e’lon qiladi. Saylovlarning qanchalik qonuniy bo’lishi - bu boshqa masala, ammo bu referendumgacha tuzilgan reja edi”, deydi sobiq deputat Temir Sariyev.

Markaziy Saylov Komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, dastlabki natijalar bo’yicha, referendumda saylovchilarning asosiy qismi qatnashgan va taklif qilingan qonun loyihasini ma’qullab, ovoz bergan. Qirg’iz muxolifati va nodavlat tashkilotlari referendum ko’plab qonunbuzarliklar bilan o’tganini da’vo qilarkan, ovoz berish natijalarini shubha ostiga olmoqda.

Muxolifat nazarida prezident Bakiyev o’zi tuzgan “Oq yo’l” (“Aq Jo’l”) partiyasi orqali parlamentni nazorat qilishni rejalashtirmoqda. Siyosatchilar prezidentga moyil “Oq yo’l” partiyasi bo’lajak saylovlarda ma’muriy vositalarni qo’llashini bashorat qilmoqdalar.

Yangi parlamentga saylovlar, konstitutsiyaning yangi tahririga ko’ra, bir mandatli okruglardan emas, partiyalar ro’yxati asosida o’tadi. Ayni paytda Qirg’izistonda mavjud yuzdan ortiq partiyadan bir nechtasigina o’z vakillarini parlamentga saylash salohiyatiga ega.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, yangi parlamentga saylovlar 2007 yilning 16 dekabriga tayinlangan.

XS
SM
MD
LG