Breaking News

Freedom House: Qirg'izistonda saylov natijasi oldindan ma'lum


23 iyulda Qirg’izistonda prezident saylovlari o’tkaziladi. Aksariyat kuzatuvchilar va muxolifat jarayon adolatli bo’lishiga shubha bildirmoqda. “Freedom House” inson huquqlari tashkiloti nazarida bir vaqtlar Markaziy Osiyoda “demokratiya oroli” deb hisoblangan Qirg’iziston mavqeni qo’ldan boy bergan.

“Freedom House” yoki “Ozodlik Uyi” tashkiloti mutaxassisi Jeff Goldstaynning (Jeff Goldstein) aytishicha, Qirg’izistonda saylovdan oldingi vaziyat juda murakkab:

"Qirg’izistonda o’tkazilgan so’nggi so’rovlar shuni ko’rsatadiki, odamlarda saylovlarga qiziqish yo’q. Chunki hamma natija qanday bo’lishini oldindan biladi".

Mutaxassisga ko’ra, bu yilgi saylovlarga munosabat boshqacha. 2005 yildagisi Askar Akayev hokimiyatdan ketganidan so’ng o’tkazilgani bois, aholida umid bilan qarshilangan. Biroq Bakiyev hukumati xalq ishonchini oqlay olmadi.

"Qirg’izistonliklar na prezidentini va na muxolifatni xush ko’radi. Ularning siyosatdan ko’ngli qolgan. Shu sabab saylovga chiqishni ham befoyda deb ko’radi", - deydi mutaxassis.

Yaqinda Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston bilan Manas aviabazasi bo’yicha shartnomani yangiladi. Baza AQShning Afg’onistondagi operatsiyalari uchun juda muhim hisoblanadi. Biroq yil boshida rasmiy Bishkek undan amerikaliklarni chiqarishini ma’lum qilgan edi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, AQSh harbiylarining bazada qolishi va shartnomaning yangilanishi aynan prezident saylovlari arafasiga to’g’ri kelishi bejiz emas.

"Qirg’iziston bilan bitimning imzolangani yaxshi, ammo umid qilamanki, ushbu shartnoma Qo’shma Shtatlarning saylovlarga qanday baho berishiga ta’sir qilmaydi", - deydi amerikalik mutaxassis.

Jeff Goldstayn “Ozodlik uyi”ning yillik hisobotida O’zbekistonga eng past baho berilganiga ham e’tibor qaratadi.

"O’zbekiston o’tgan yili BMTning inson huquqlari bo’yicha umumbashariy deklaratsiyasi 60 yilligini nishonladiku, biroq amalda vaziyat yomonlasha bordi. Umuman 2008 yil mintaqa bo’ylab huquqlarni cheklashga qaratilgan qonunlar qabul qilingan yil bo’ldi. Avtoritarizm kuchaydi", - deydi Goldstayn.

“Ozodlik uyi”ning "O'tish davridagi davlatlar" sarlavhasi ostidagi yillik hisobotiga ko'ra, Yevrosiyodagi 29 sobiq kommunistik davlatdan 18 tasi o'tgan yili demokratik taraqqiyot bobida oqsagan. Hisobotda aytilishicha, turli inqiloblar paytida demokratiyani kuchaytirishga berilgan va'dalar bajarilmay qolib ketdi. Xususan Qirg'iziston va Gruziyada ahvol inqilobdan oldingi darajaga tushdi.

XS
SM
MD
LG