Breaking News

Qirg'iz muvaqqat hukumati aybdorlarni javobgarlikka tortmoqchi


Qirg'iz muvaqqat hukumati aybdorlarni javobgarlikka tortmoqchi
Qirg'iz muvaqqat hukumati aybdorlarni javobgarlikka tortmoqchi
<!-- IMAGE -->

Qurmanbek Bakiyev qo'shni Qozog'istonga chiqib, Qirg'iziston prezidenti lavozimidan voz kechgan. Muvaqqat hukumat Bakiyev Qirg'izistonda yoki xalqaro sud tomonidan javobgarlikka tortilsin, demoqda.

Bakiyev endilikda "sobiq prezident" deb atalmoqda.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva uning faks orqali muvaqqat hukumatga yuborilgan arizasini o'qib eshittirdi. Unda aytilishicha, Bakiyev xalq kelajagi, mamlakat birligi uchun mas'uliyatini anglagan holda Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko'ra, iste'fo bergan.

Bugun esa Qozog'iston elchisi Bakiyev arizasining asl nusxasini Bishkekka yetkazgan. Xabarlarga ko'ra, sobiq prezidentning mamlakatdan chiqishida AQSh, Rossiya va Qozog'iston rahbarlari katta rol o'ynagan. Bakiyev Jaloloboddan Qozog'istonning Taraz shahriga olib chiqilgan. Bu sobiq Jambul shahri. Rossiya matbuotiga ko'ra, Bakiyev Tarazdan Turkiyaga yo'l olishi mumkin, biroq Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bugun bayonot chiqarib, bu to'g'risidagi mish-mishlarni rad etgan.

Sobiq muxolifatchi, mamlakatdagi g'alayonlar ketidan xorijdan surgundan qaytib, Otunbayeva ma'muriyatiga rahbar etib tayinlangan Edil Baysalovning aytishicha, muxolifat prezident o'z vakolatlarini suiste'mol qilayotganini ko'rib, qo'l qovushtirib o'tira olmagan.

"Siyosiy qotilliklar, kaltaklashlar, gazeta va telekanallarning yopilishiga qarshi namoyish qildik. Muvaqqat hukumat - Qirg'izistondagi haqiqiy hukumat", - deydi Baysalov.

…va uning oldidagi bosh vazifa - konstitutsiyani qayta ishlab, kelasi olti oy ichida parlament saylovlarini o'tkazish.

Vashingtondagi yadro xavfsizligiga doir xalqaro anjumandan Braziliyaga safar qilgan Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, Bakiyevning Qirg'izistondan chiqishi fuqarolik urushining oldini olishga yordam berdi.

Muvaqqat hukumat Jalolobodda Bakiyev bilan birga bo'lgan ba'zi yaqinlari va tarafdorlarini taslim bo'lishga chaqirmoqda. Xususan, ukasi Janish Bakiyevni. Bundan tashqari qirg'iz rasmiylari sal avval Qozog'istonga qochgan sobiq bosh vazir Doniyor Usenov, Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Murat Sutalinov hamda sobiq prezident Bakiyevning o'g'illaridan biri Muratning Qirg'izistonga topshirilishini so'ramoqda. Kecha Latviyada ekani xabar qilingan Bakiyevning yana bir o'g'li, Maksim, ba'zi ma'lumotlarga ko'ra Latviyani tark etgan. Sobiq mudofaa vaziri Bakitbek Kaliyev kecha Jalolobodda qo'lga olingan.

Otunbayevaning o'rinbosari Olmosbek Atambayev Turkiyada iqtisodiy yordam so'ramoqda. Bundan sal avval Rossiya 50 million dollar berishini aytgan. Qo'shma Shtatlar ham gumanitar yordamga tayyor ekanini bildirmoqda. AQSh davlat kotibining muovini Robert Bleyk Bishkekda ikki kun bo'lib, muvaqqat hukumat va fuqarolik jamiyati faollari bilan uchrashgan.

AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi bugun bayonot chiqarib, Bakiyevning qon to'kilishlarisiz Qirg'izistonni tark etganini olqishlamoqda. Xelsinki Komissiyasi raisi, kongressmen Elsi Xeystingsning bayonotda aytishicha, muvaqqat hukumat mamlakatda inson huquqlarini e'zozlovchi demokratik tizim o'rnatish uchun yaxshi imkoniyatga ega va Qo'shma Shtatlar unga bunda yordam berishga tayyor.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi operatsiyalari uchun muhim hisoblangan "Manas" harbiy bazasi AQSh harbiylari ixtiyorida avtomatik ravishda bir yilga uzaytiriladigan bo'ldi. Muvaqqat hukumat raisining o'rinbosari Omurbek Tekebayevning aytishicha, qonun bo'yicha baza taqdiri parlament qo'lida, biroq eski parlament tarqatib yuborilgan, yangisi esa oktyabrda saylanadi. Muvaqqat hukumat baza bo'yicha qaror chiqarish vakolatiga ega emas, deydi Tekebayev. Xabarlarga ko'ra, g'alayonlar ketidan faoliyatini to'xtatgan "Manas" bazasi qayta ishga tushgan.

XS
SM
MD
LG