Breaking News

O'zbekistonda haqiqatni faqat prezident ayta oladi


O’zbekiston jurnalistlarida mamlakat prezidentining parlamentdagi chiqishi umid uyg’otmagan.

Islom Karimov nutqida matbuotni faollikka chorlab, jurnalistlarning moddiy ahvoli haqida qayg’urdi. Deputatlarni bu borada chora-tadbirlar ishlab chiqishga chaqirdi.

Karimovning ta’kidlashicha, O’zbekistonda rasmiy nashrlar hamon “tish-tirnoqsiz”. Jurnalistlarga ko’ra esa “tish-tirnoq” ko’rsatgan nashrlar birin-ketin yopilmoqda va tazyiqqa olinmoqda.

Mamlakat matbuoti ustidan keskin nazorat internetni asosiy axborot manbaiga aylantirgan. Internetni mutlaq nazorat qilish imkonsizligi esa mustaqil jurnalistlarga nisbatan bosim kuchayishi bilan kuzatilmoqda.

Matbuot mutlaq hukumat nazoratida bo’lgan avtoritar mamlakatda prezidentning o’zi shaxsan jurnalistlarni dadilikka chaqirishi biror o’zgarishdan darak berishi mumkinmi?

“Prezidentimizni parlamentdagi chiqishi… to’g’risi haqiqatni faqat prezident aytishi mumkin, ayniqsa jurnalistlar hayotiga oid haqiqatni. Lekin bir narsa aniqki, faqat prezident emas uning atrofidagi hukumat vakillari ham bu narsani qo’llab-quvvatlasa jurnalistlar uchun erkin, farovon hayot bo’lishi mumkin. Bo’lmasa natija bo’lishi dargumon. Mana shuncha vaqt o’tgandan keyin ham bu shunchaki odatiy narsa bo’lib qolishi mumkin. Chunki bugun matbuotning jamiyatdagi o’rni borgan sari susayib borayotgani yanada yaqqolroq namoyon bo’lmoqda. Tanqidiy chiqishlar taqiqlangan, jurnalistlarga tazyiqlar odatiy holga aylangan”, - deydi markaziy gazetalardan birida ishlayotgan, ismini oshkor etmaslikni so’ragan jurnalist.

Islom Karimovga ko’ra o’zbek matbuoti demokratik jarayonlardan ortda qolmoqda - zaif, shakllanishga ulgurmagan, “tish-tirnoqsiz”.

“Jurnalistlar o’zaro suhbatdan biladiki, kichkina bir tanqidiy chiqish uchun bo’layotgan g’avg’olar biror o’zgarishdan darak bermaydi. Uzoqqa bormaylik, yaqinda “Hurriyat”da kuzatilgan hodisa: Chinozdagi kichkina bozor haqida berilgan tanqidiy maqola jurnalistlar ustidan katta tazyiq bo’lib qaytdi, hayotiy misol. Bosh muharrir ham, uning o’rinbosari ham ishdan ketdi. Haqiqiy rahbar (prezident) agar bundan xabari bo’lsa, hayotga real qarashi kerak-ku”, - deydi bu borada jurnalist.

Ta’kidlash lozim, matbuotda ora sirada paydo bo’ladigan tanqidiy maqola uchun jurnalistlar jazolanish yoki gazetalar mutlaqo yopib yuborilishi mamlakatda qo’llanadigan an’anaviy bosim turlaridan biri.

Ma’lumotlarga ko’ra “Hurriyat” gazetasining ishdan bo’shatilgan xodimlari huquq-tartibot organlariga ham chaqirtirilgan va ularga bosim o’tkazilgan.

Bu bosimlardan qat’iy nazar, Islom Karimovning matbuot haqidagi navbatdagi fikrlari jurnalistlarda bir qadar umid uyg’otgani ham kuzatiladi.

Aksariyat jurnalistlar matbuot zaifligi sababini o’zlarida, qo’rquv va ichki senzurada ko’rishadi.

“Misol uchun yaxshi mavzu ko’tarayapsiz, ma’ruzadan keyin nimalar o’zgardi. Nega bizni jurnalistlar bu mavzuni ko’tarmayapti? Tahririyatlarga, televideniyega borib, nima qilyapsizlar deb so’rasa bo’ladi-ku. Buni gazatada bersa bo’lmaydimi, albatta bo’ladi. Aytmoqchimanki, masala baribir yana jurnalistlarni o’ziga borib taqaladi. Ozgina o’ylash, harakat qilish kerak. Shaxsan men ko’targan mavzularimni hammasini gazetada chiqarganman”, - deydi rasmiy partiya nashrlaridan birida ishlayotgan jurnalist.

Davlat rahbarining matbuotni dadillikka chorlovchi fikrlari jurnalistlar uchun yangilik emas. Prezident bu galgi chiqishida masalaning moddiy tomoniga ham ahamiyat bergani diqqatni tortmoqda.

“Oldin ham hamma narsani qo’rqmasdan yoritishga chaqiriqlar bo’lgan. Hozir endi jurnalistlar nafaqat qo’rqmaslikka, balki moddiy jihatdan baquvvat bo’lishga, o’z firmalarini tashkil etishga chaqirilyapti. Bu gapni jurnalistlar yaxshi kutib olishdi, o’zgarishlar bo’lishiga ham umid qilishmoqda. Bu poytaxt miqyosida bo’lishi mumkin, lekin viloyatlarda bu qiyin. Viloyatdagi jurnalistlar juda qiyin moddiy sharoitlarda ishlashadi. Men ularning hayotida biror o’zgarish bo’lishiga ishonishim juda qiyin”, - deydi viloyat matbuotida ishlovchi jurnalistlardan biri.

Mulohazalarga ko’ra rasmiy matbuotga qiziqish mutlaqo yo’qolgan, radio-televideniyelar asosan ko’ngilochar dasturlar sufatida qabul qilinayotgan bir paytda jurnalistlar moddiy ahvolini ishi-ijodi hisobiga o’nglab olishi juda qiyin.

“Chunki gazetalarning tiraji juda oz. Oldi-qochdilarni yozadigan yengil gazetalarni odamlar o’qishi mumkin, lekin siyosiy gazetalarni odamlar o’qimaydi. Majburan uch oyga yoki olti oyga obuna qildiriladi. Kim biladi, odamlar ishonmayaptimi siyosiy gazetalarga, yoki siyosatga aralashmasdan tinch yurishni xohlashayaptimi”, - deydi viloyatdagi jurnalist.

O’zbekistonliklar uchun televideniye asosiy o’rinda. Biroq televideniye axborot olish vositasi sifatida emas, ko’ngilochar dasturlar manbai sifatida qabul qilinmoqda.

“Barcha gazetalarning bir oyligini, televideniyening bir yillik arxivini tekshirib ko’ring, birorta tanqidiy chiqish uchramaydi. Shu darajada bachkanalashib ketganmizki, hatto televideniyeda oddiy siri uchgan laganni tasviri ham o’tib ketishi mumkin emas. Agar erkinlik bo’lsagina farovonlik bo’ladi. Bunaqa sabablar juda ko’p. Jurnalistlarda ham tanqidiy maqola qilish hafsalasi yo’qolgan, chunki bundan bir natija chiqmasligini, bosilmasligini juda yaxshi bilishadi”, - deydi markaziy nashrda ishlayotgan jurnalist.

Axborot izlayotgan aholi uchun, jumladan jurnalistlarning o’zi uchun turli to’siqlardan qat’iy nazar internet, o’zbek tilida chiqayotgan xorij radiolari - axborot olishning asosiy manbai bo’lib qolmoqda.

O’zbekistonda barcha mustaqil axborot saytlari to’silgan. Axborot olivchilar aylanma yo’llarni qidirishga majbur. Internet ustidan mutlaq nazorat o’rnatish qiyinligi esa ishini internetda chop etayotgan jurnalistlarga bosim kuchaytirilishi bilan kuzatilmoqda.

“Hokimiyat matbuotda o’rnatilgan keskin nazoratga qaramasdan, haqiqat internet orqali suzib chiqayotganini biladi. Internetga qo’yilgan to’siqlarning har doim ham samara bermayotganidan xabardor. Odamlar turli aylanma yo’llar orqali axborot olishmoqda, shuning uchun ham mamlakatda mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirishga zo’r berilmoqda”, - deydi mustaqil jurnalist Sid Yanishev.

Mahalliy jurnalistlar ham axborotni internetdan, ko’p hollarda hukumat to’sgan axborot saytlarini aylanib o’tish orqali olishadi.

“Ozbekiston aholisi qiziqtirgan axborotni baribir oladi, internet bo’ladimi, choyxona bo’ladimi, yoki boshqa joy bo’ladimi. Bilgan mutaxassis albatta o’sha ma’lumotni oladi”, - deydi partiyaviy nashr vakili.

Ismini oshkor etishni istamagan jurnalistga ko’ra hukumat axborotdan, aniqrog’i o’zbek xalqining axborot bilan tanishishidan qo’rqadi.

“Internet saytlarini to’sish yaxshi narsa emas deb o’ylayman. Hukumat rahbarida ham, uning atrofidagilarda ham odamlar internetni o’qib bir yomonlik qiladi degan fikr bo’lishi kerak emas. Qaytaga dunyoda nima bo’layotganidan xabardor bo’ladi, jamiyatga munosabati teranlashadi o’qigan taqdirda. Ularning internetni to’sib qo’yishdan maqsadi o’z kirdikorlarini fosh qilmaslik. Bu kirdikorlarni butun dunyo ahli biladi, lekin oddiy o’zbek xalqi bilmasligi kerak”, - deydi u.

Mustaqil jurnalistlar O’zbekiston prezidentining matbuot haqidagi navbatdagi chiqishini ham shubha bilan kutib olishgan. Jurnalistlarga ko’ra prezident mamlakatda so’z erkinligi keskin bo’g’ib qo’yilganidan juda yaxshi xabardor.

XS
SM
MD
LG