13 may kuni Andijon voqealarining 4 yilligi xotirlanar ekan, huquq faollari va muxolifat AQSh va Yevropada namoyishlar o'tkazmoqda. Chorshanba kuni AQSh Senatida Freedom House va Human Rights Watch tashkilotlari "AQSh va O'zbekiston: Andijon voqealaridan 4 yil o'tib" mavzusida brifing o'tkazadi. Unda AQShdagi so'nggi prezident saylovlarida respublikachilardan nomzod bo'lgan senator Jon Makkeyn ma'ruza qilishi kutilmoqda. Shu kuni Germaniyada "Andijon - adolat va tiklanish" tashkilotiga asos solinadi. Vashingtonda esa 13 may voqealari xotirasiga O'zbekiston elchixonasi yonida kichik namoyish o'tkazilmoqda.
Namoyish zo'ravonliksiz kurashni o'ziga shior qilib olgan "Birdamlik" harakati tomonidan uyushtirilgan. Ishtirokchilar O'zbekiston qamoqxonalaridagi barcha siyosiy mahbuslarning ozod etilishini talab qilmoqda. Namoyishda O'zbekistonda qamalgan buxorolik shoir Yusuf Jumaning yaqinda Amerikada siyosiy boshpana olgan oilasi ham qatnashmoqda.
Shoirning rafiqasi Gulnora Oltiyevaning aytishicha, turmush o'rtog'ining ahvoli og'ir.
"Unga qiynoqlar qo'llanilmoqda. Gunohi yo'q. Menda bu haqda dalillar bor. AQShda Kongress va prezidentga dalillarimni yuborib, adolat so'rayman. BMTda ham piket qilaman," deydi Oltiyeva.
Yusuf Juma Andijon voqealaridan so'ng qatliom haqida ko'p she'rlar yozgan. Islom Karimov hukumatiga qarshi namoyishlarda ishtirok etgan. 2007 yil prezident saylovlaridan oldin Karimovni iste'foga da'vat etgan. Shundan so'ng 22 dekabr kuni hibsga olinib, besh yilga qamalgan. Uning hozirgi ahvolidan bexabarmiz, deydi rafiqasi.
"Birdamlik" harakati a'zosi Bobur Choriyevning aytishicha, jahon 13 may fojiasini unutmasligi kerak. Odamlar yodidan ko'tarilsa ham, tarix buni unutmaydi, deydi u.
2005 yil mayida Andijonda akromiylar harakatiga a'zo deb gumon qilingan 23 mahalliy tadbirkor ustidan sud o'z nihoyasiga yaqinlashayotgan edi. Ba'zi manbalarga ko'ra, tadbirkorlar viloyatga yangi tayinlangan hokim Saydullo Begaliyev bilan chiqisha olmaganidan diniy guruhga aloqadorlikda ayblangan. Ammo sud hukmni ularning foydasiga chiqarmasligi ayon bo'lgach, yaqinlari va tarafdorlari tadbirkorlarni kuch bilan qamoqxonadan ozod qilgan. 13 may kuni esa shahar markazida stixiyali ravishda ko'p mingli namoyish yuzaga kelgan.
Mana shu yerdan voqealar tafsiloti hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan turlicha izohlab kelinadi. O'zbekiston hukumatiga ko'ra, islomiy terrorchilar hokimiyatni qo'lga olish maqsadida qurolli isyon ko'targan va maxsus kuchlar tomonidan o'tkazilgan operatsiya natijasida 187 kishi, aksariyati terrorchilar o'lgan. O'zbekistondagi huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar, bir necha yuz andijonlik qochqin va xalqaro tashkilot va ba'zi hukumatlarga ko'ra esa, rasmiy Toshkent minglab andijonliklarni, jumladan ayollar va bolalarni o'qqa tutib, namoyishni shafqatsizlarcha bostirgan. 500 dan 1,500 gacha odamning o'lgani haqida aytiladi.
Andijonda haqiqatda nima bo'lgani oxirigacha aniq emas. Jon saqlash umidida mamlakatni tark etgan 450 ka yaqin kishi AQSh va Yevropadan boshpana olgan. So'nggi 1-2 yil ichida qochqinlarning ba'zilari O'zbekistonga qaytib ketdi. Boshqalari esa Germaniyada yangi tashkilotga asos solib, adolat uchun kurashamiz demoqda.
Tashkilot asoschisi, Andijon voqealaridan so'ng mamlakatni tark etib Germaniyada siyosiy boshpana olgan Nurillo Maqsudovning aytishicha, Andijon xalqi - voqealarning tirik guvohi va haqiqatni uzoq yashirib bo'lmaydi.