Breaking News

Rossiya yangi harbiy baza ochmoqchi, O'zbekiston xavotirda


Rossiya mintaqada harbiy salohiyatini mustahkamlash niyatida ekan, Qirg’iziston janubidagi O'sh viloyatida harbiy baza ochishi mumkin degan taxminlar tarqalmoqda.

Bu ma'lumotni Kreml na tasdiqlagan, na inkor etgan. Rossiya matbuotiga ko'ra, O'zbekiston o'z chegarasi yaqinida har qanday baza ochilishiga qarshi ekanini aytgan.

Sharhlovchilar nazarida mintaqada geosiyosiy kurash yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Harbiy baza mintaqa davlatlari o'rtasida ziddiyatni kuchaytirishi mumkin.

Qozog'iston bunga o'z munosabatini bildirib, tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu masala Rossiya va Qirg'iziston ichki ishi ekani ta'kidlangan.

Rasmiy Toshkent munosabati anonim tarzda izhor etilgan. "RIA Novosti" agentligiga ko'ra, O'zbekiston hukumatida ishlaydigan va ismini oshkor etmagan yuqori martabali mulozim, "O'zbekiston o'z hududi yaqinida chet el harbiy bazasi ochilishiga keskin qarshi", - deb bildirgan.

Sharhlovchilar ham harbiy baza mintaqa davlatlari chegarasida joylashishi tashvishli ekanini aytmoqda.

"Agar harbiy baza ochiladigan bo'lsa, bu Rossiya axborot vositalrida ta'kidlanganidek, Rossiyaning janubiy sarhadlarini himoyalash yoki mintaqa xavfsizligi uchun hech qanday hissa qo'shmaydi. Agar Afg'oniston bilan chegara hududida shunday baza tashkil etilsa bu haqda gapirish mumkin edi. Bu baza Markaziy Osiyo davlatlari orasida taranglikni vujudga keltirishi mumkin", - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Yangi baza ochish harakati rasmiy Toshkentning Kollektiv xavfsizlik kuchlari tuzishga qarshi bildirilgan munosabatini yanada mustahkamlaydi.

Ayrim mulohazalarga ko'ra, shu oy oxirida Qirg'izistonda rejalangan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi sammiti O'zbekiston ishtirokisiz o'tishi mumkin.

Rossiya Tojikistonda, Qirg'izistonda harbiy bazaga ega. Bu bazalardan tashqari mintaqadagi bir necha harbiy inshootlar Rossiya ixtiyoriga berilgan. Bu harbiy obyektlarda Rossiya qanday shartlarga ko'ra, faoliyat yuritayotgani jamoatchilikka ma'lum emas.

O'shda ochilishi rejalanayotgan bazada Rossiya harbiy havo kuchlari bilan bir qatorda, piyoda qo'shinlarni joylashtirish ham maqsad qilingan.

Sharhlovchi Fayzulla Ishoqovga ko'ra, Rossiyaning bu harakati siyosiy ekspansiya sifatida baholanishi mumkin.

"Hozir Rossiyada yangi baza tashkil etish qudrati yo'q, deb o'ylayman. Bu shunchaki o'zini borligini bildirib qo'yish, AQSh, Xitoyning mintaqaga kirishini cheklash uchun qilinyapti", - deydi u.

Sharhlovchi Bahodir Chig'atoy, mintaqa qaytadan Rossiya qurolli kuchlari poligoniga aylanishi sababini yetakchilar o'rtasidagi tarqoqlikda ko'radi.

"Rossiya mintaqani XIX asrda bosib olgan bo'lsa, hozirgacha uning imperializmidan qutilish qiyin kechmoqda. Mintaqa davlatlari rahbarlari esa, o'zini-o'zi boshqarish qudratiga ega bo'lmagan odamlar. Shunday ekan Rossiya uchun ularning rozi, rozi emasligi biror ahamiyat kasb etmaydi", - deydi Chig'atoy.

AQShning "Manas" aerodromidagi habiy bazasi Kreml ta'sirida uzoq davom etgan tortishuvlardan so'ng yangi shartlar asosida qoldirildi.

Yaqinda Moskvada o'tgan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvida, Markaziy Osiyodagi manfaatlar borasida ham gaplashilgani taxmin qilinadi.

"Rossiya Markaziy Osiyodagi boshqa o'yinchilarga mintaqada kim hukmronligini ko'rsatib qo`ymoqchi. Ikkinchidan esa, keyingi paytda mintaqada suv masalasi dolzarb tus kasb etmoqda. Bu muzokaralar bilan hal etiladigan jarayon. Lekin mana shu yerda harbiy bazani ochish jarayonni yanada og'irlashtirishi, mintaqa davlatlari o'rtasida ziddiyatlarni avj oldirish uchun qaratilgan bo'lishi ham mumkin", - deydi Soyibnazarov.

XS
SM
MD
LG