Breaking News

Qirg'iz hukumati AQShdan xafa, ammo hamkorlikni davom ettirmoqchi


"Vashington Post" gazetasi muvaqqat hukumat raisasi Roza Otunbayeva bilan telefon orqali suhbatlashgan.

"Haqiqiy demokratiya o'rnatish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'ldik", - deydi Otunbayeva.

Roza Otunbayeva "Vashington Post" muxbiriga Qirg'izistondagi g'alayonlarga yetaklagan omillar haqida so'zlagan.

"Rossiya qo'zg'olon ortida turmagan, ammo rus matbuoti Bakiyev tuzumi kirdikorlarini fosh etib, unga qarshi keng ko'lamli kampaniya olib borgan", - deydi u.

Otunbayevaning aytishicha, AQShning Manasdagi bazasi muvaqqat hukumat uchun ustuvor masala emas, ammo uning muddati avtomatik ravishda bir yilga uzaytirildi.

"Amerika bilan munosabatlarga katta urg'u beramiz va uzoq muddatli hamkorlikni davom ettiramiz," - deydi Qirg'izistonning muvaqqat rahbari.

Otunbayeva nazarida mamlakat birinchi inqilobdan so'ng demokratiya tomon yurish boshlagan, ammo yo'ldan adashdi.

"Hozir ana shu jarayonni maromiga yetkazish uchun yaxshi imkoniyat bor. Kelasi olti oyda ochiq va erkin saylovlar o'tkazishga va siyosiy partiyalar hamkorligida konstitutsiyani tuzatishga umid qilyapmiz", - deydi u.

Otunbayeva "Vashington Post"ga Qo'shma Shtatlar va xususan AQShning Bishkekdagi elchixonasi ustidan shikoyat qilgan. Uning aytishicha, elchixona demokratik vaziyatga ko'z yumib, muxolifatni e'tiborsiz qoldirdi.

"Baza Amerika uchun muhim mavzu bo'lishi mumkin, biroq biz uchun emas. Elchixonada biz bilan uchrashishga vaqt bo'lmagani achinarli hol", - deydi u.

"Nyu-York Tayms" gazetasi ham ushbu mavzuni yoritar ekan, muvaqqat hukumatning ayrim a'zolari AQShdan xafa bo'lishlariga qaramay harbiy bazani yopish haqida og'iz ochmagan, deb yozadi. "Manas" bazasi o'tgan yili Bakiyev hukumati bilan erishilgan shartnomaga ko'ra amerikaliklarga 5 yilga berilgan.

Biroq muvaqqat hukumat raisining o'rinbosari Omurbek Tekebayevning aytishicha, qonun bo'yicha baza taqdiri parlament qo'lida, biroq eski parlament tarqatib yuborilgan, yangisi esa oktyabrda saylanadi. Muvaqqat hukumat baza bo'yicha qaror chiqarish vakolatiga ega emas, deydi Tekebayev. Shu sabab AQSh harbiylari bazada avtomatik ravishda yana bir yilga qoladi.
Qo'shma Shtatlar Rossiyadan baza masalasi bo'yicha muvaqqat hukumatga bosim o'tkazmaslikni so'raganmi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, "Manas" bazasi bo'yicha so'nggi shartnoma besh yilga imzolangan va unga muvofiq, Qo'shma Shtatlar rasmiy Bishkekka baza muddatini uzaytirmoqchi ekanini rasmiy ravishda bildirishi kerak. AQSh bu haqda Qirg'iziston hukumatiga g'alayonlardan oldin xabar bergan, deydi Krouli.

"Nyu-York Tayms" gazetasi Bishkekda bo'lib qaytgan AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi Robert Bleyk safari va uchrashuvlari haqida yozadi.

"Qo'shma Shtatlar muvaqqat hukumatning demokratiyani tiklashga qaratilgan qadamlarini qo'llab-quvvatlaydi", - deydi Bleyk.

AQSh rasmiysi Roza Otunbayeva bilan uchrashuvi chog'ida iqtisodiy yordamni ham muhokama qilgan, ammo Qo'shma Shtatlar Qirg'izistonga qancha pul berishi hozircha noma'lum.

Muvaqqat hukumat a'zolarining AQShga nisbatan tanqid va e'tirozlariga munosabat bildirar ekan, Robert Bleyk "AQSh Qirg'izistonda inson huquqlari muammolarini hisobdan chiqarmagan", deydi.

"G'alayon kuni Vashingtonga tashrif buyurgan eski tuzum rasmiylari bilan bu masalalarni muhokama qilish ko'zda tutilgan edi, biroq ilk bor o'tkazilishi rejalangan AQSh-Qirg'iziston yillik muloqotini bekor qilishga to'g'ri keldi", - deydi u.

XS
SM
MD
LG