Breaking News

Qirg'iziston: Bakiyev endi o'tmish, omma tirikchilik ko'yida


Qirg'iziston: Bakiyev endi o'tmish, omma tirikchilik ko'yida
Qirg'iziston: Bakiyev endi o'tmish, omma tirikchilik ko'yida
<!-- IMAGE -->

Belarusda boshpana olgan Qurmanbek Bakiyev qonuniy prezident ekanini ta’kidlab kelayotgani Qirg’izistondagi vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Ma’lumki, Bakiyev qonli g’alayonlar ketidan Qozog’istonga chiqib ketish oldidan lavozimidan voz kechgan. Iste’fo arizasini o’z qo’li bilan yozib, muvaqqat hukumat rahbarlariga faks orqali jo’natgan edi.

Minskda o’tgan matbuot anjumanida, Qurmanbek Bakiyev surgunda hukumat tuzish yoki mamlakatiga “prezident” sifatida qaytish niyati yo’qligini aytgan.

Bakiyevning bu chiqishlari Qirg’izistonda har xil fikr va munosabatlarga sabab bo’lmoqda. Qator mahalliy kuzatuvchilar Bakiyev bayonotini o’lkadagi vaziyatni chigallashtirish uchun so’nggi urinish deb baholaydi.

O’shdagi “Golden Goal” jamoatchilik jamg’armasi rahbari Alisher Mamajonovga ko’ra, Bakiyevning so’zlari uning tarafdorlarini qandaydir harakatlarga chorlashi mumkin.

“Sobiq prezidentning chiqishi hozircha o’lkaga tez ta’sir ko’rsatmaydi, lekin bunga ayrim harakatlar ko’zga tashlanmoqda. Bakiyev va uning yaqinlariga qarshi jinoiy ishlar qo’zg’algan. Shu sababli ular o’z tarafdorlarini ko’chalarga olib chiqib, vaziyatni o’zgartirishga urinishadi. Ya’ni, menimcha, siyosiy savdo ketayapti. Ammo oddiy xalq o’z tashvishlari bilan ovora. Joylarda dala ishlari qizg’in davom etayapti”, - deydi Alisher Mamajonov.

<!-- IMAGE -->

Norozilik chiqishlaridan, har xil mitinglardan charchagan janub ahli Qirg’izistonda nihoyat tinchlik, barqarorlik o’rnatilishini istaydi.

“Bolalik paytimizda 110 yoshga chiqqan katta buvimiz har gal duoga qo’l ochganda “Yo Rabbim podishohlarga insof ber” deb duo qilar edi. Vaqt o’tib o’sha duolarning mazmunini endi tushundim. Qirg’izistonda sodir bo’layotgan jarayonlar, borib-borib oddiy odamlar boshiga tushayotgan kaltak bo’layapti. Qurmanbek Bakiyev bundan keyin iste’foga chiqadimi, chiqmaydimi, bu hech qanday rol o’ynamaydi. Odamlar siyosatdan, mitingbozlikdan charchagan. Aholi qozon tebratish tashvishida”, - deb mulohaza yuritadi o’shlik faxriy Saltanat Fayzullayeva.

Qirg’iziston siyosatshunoslar uyushmasi raisi Nur Omarovga ko’ra, Qurmanbek Bakiyevning chiqishi davlat arboblarining siyosiy madaniyati pastligini ko’rsatadi.

Mahalliy nohukumat tashkilot rahbari Dilbarkan Mamajusupova fikricha esa Bakiyevning so’nggi so’zlari Qirg’izistondagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatni murakkablashtirish ehtimoli yo’q emas.

“Ko’pchilik Bakiyev tarafdorlari uni kutmoqda. Zararni barchamiz ko’ramiz. Nega desangiz destabilizatsiya uchun har xil sabablar bo’laveradi”, - deydi u.

Ayni paytda janubiy qirg’izistonliklar muvaqqat hukumat rahbarlari bu tomonda kamnamoligini aytishadi. Bunga ne sabab?

“Bu narsa ham meni ancha o’ylantiryapti. Menimcha, muvaqqat hukumat a’zolari vayron bo’lgan davlat xazinasini to’lg’azish bilan ovora. Hamda ular Qozog’iston, Rossiya davlatlari bilan yonilg’i mahsulotlarini olib kelish haqida muloqot olib bormoqda. Ammo keyinchalik muvaqqat hukumat yetakchilari albatta janubga kelib o’z siyosatlarini, olib borayotgan ishlarini aholiga tushuntirsa yaxshi bo’lardi”, - deydi “Golden Goal” jamoatchilik fondi rahbari Alisher Mamajonov.

“Muvaqqat hukumat rahbarlari Jalolobodga hech cho’chimasdan bemalol kelib, odamlar bilan muloqot olib borishi kerak. Xalq bilan yaqindan bog’lanish darkor. Yuzma-yuz uchrashish yaxshi samara beradi”, - deb davom etadi Saltanat Fayzullayeva.

Aksar suhbatdoshlar nazarida Qurmanbek Bakiyev davri o’tgani aniq va uning bayonotlari mamlakat hayotida sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi.

XS
SM
MD
LG