Breaking News

Qirg'izistonda o'zbeklar millatchilikdan hayiqmoqda


<!-- IMAGE -->

Qirg’izistonda siyosiy bahs va to’polonni kuzatib borayotgan o’zbeklar jamoasi millatchilik, irqchilik alanga olmasligi uchun targ’ibot-tushuntirish ishlari olib bormoqda.

O’sh va Jalolobod kabi aholisi asosan o’zbeklardan iborat viloyatlarda fuqarolar muvaqqat hukumatga chiqishga, rasmiylar e’tiborini tortishga harakat qilmoqda.

Qirg'iziston Konstitutsiyasi bu davlatdagi har bir millat huquqini himoya qiladi

Janubda yashayotgan o’zbeklar boshqaruvda faol qatnashib, haq-huquqini talab qilib keladi.

"Qirg’iziston siyosiy maydonining teng huquqli a’zosimiz", - deydi o'zbek faollaridan biri Yahyo Oydin.

Qirg’izistonda bugun parlament va prezident saylovlari sanasi ma’lum qilingan – 10 oktyabr. 27 iyunda esa yangi konstitutsiya xalq muhokamasiga – referendumga qo’yiladi.

“Bu safar nomzodlarning siyosiy platformasi – nimani taklif qilayotganiga jiddiy e’tibor beramiz. Nimalar qilmoqchi, qo’lidan nima keladi, hammasini sinchiklab o’rganish kerak. Bu safargi saylov menimcha, juda bir boshqacha, jiddiy o’tadi. O’zbeklar ham aktiv rol o’ynaydi. Yaqinda qurultoyda ham shu mavzularni muhokama qildik. Konstitutsiya bizning haq-huquqimizni himoya qiladi”.

Bakiyevlar hali ham katta siyosiy kuch

Yahyo Oydinning aytishicha, Qurmanbek Bakiyevning so’nggi xatti-harakatlari, gap-so’zlari siyosiy vaziyatga bevosita ta’sir qilmoqda. Sobiq prezident Minskda qilgan chiqishida "rahbarlikdan ketmoqchi emasman" degan.

“Agar Bakiyev “bo’ldi, rahbarlikdan ketdim” deb aniq aytganida boshqa gap edi. Lekin u bo’sh kelmoqchi emas, hamon aktiv. Esdan chiqarmaslik kerakki, Bakiyevning ukalari hamon Jalolobodda – ular juda katta kuch. "Vaqtli hukumat ularni qamoqqa olamiz", deb po’pisa qilgan edi. Vaholanki, ular hamon ozodlikda yuribdi. Bu shaxslarni ham hisobga olish kerak”,- deydi Yahyo Oydin.

Hukumat millatchilik yoyilmasin deb harakat qilmoqda

Faolning so’zlariga qaraganda, muvaqqat hukumat millatchilik yoyilishining oldini olishga, odamlarni tinchitishga, urushmaylik deb da’vat qilishga urinmoqda.

“Ammo davlat televideniyesi va matbuotda ba’zida o’zbeklarga qarshi kurakda turmaydigan, buzg’unchi bayonotlar ham yangramoqda. Buni qanday tushunish mumkin? O’zbeklar mehmon degan bayonotlarni eshitdim. Bu albatta muvaqqat hukumatning fikri emas. Rasmiylar iloji boricha vaziyatni tinchitish harakatida”-deydi u.

O'zbek-qirg'iz chegarasi qachon ochiladi?

G’alayon natijasida Qirg’iziston-O’zbekiston chegarasi yopilgan. Bu esa har ikki xalq hayoti, bordi-keldiga ta’sir o’tkazmay qolmaydi.

“Biz qurultoy o’tkazib, muvaqqat hukumatga o’z taklif-mulohazalarimizni bildirganimizda, chegara masalasini ham tilga oldik. Rasmiylar O’zbekiston hukumati bilan muloqot qilib, chegarani ochish haqida gaplashishi kerak. Chunki savdo-sotiq, bordi-keldi, qarindosh-urug’ bor. Qorasuv bozori bo’shab qolgan, chunki asosiy xaridorlar O’zbekistondan kelar edi. Meva-chevaning narxi qattiq oshgan. Oldinlari mahsulot O’zbekistondan kelar edi, bu narxdagi muvozanatni saqlab turar edi”, - deydi Yahyo Oydin.

Odamlarning fikru-xayoli asosan iqtisodiy tashvishlar, tirikchilik bilan band, deydi u.

“Albatta, ziyoli kishilar bilan gaplashsangiz, siyosatdan so’z ochadi. Butunlay yangi siyosiy tizim tashkil qilinayapti – parlament respublikasi. Odamlar hayron. Nima bo’ladi, mavhumlik hukmron. Oddiy xalq esa turmushidan qayg’uradi. Narx-navo, ishsizlik...",- deydi o’zbek faoli.

XS
SM
MD
LG