Breaking News

Ziyolilar: O’zbek o’z yurtida qadrini topsa, boshqa yerda ham e’zozlanadi


Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra O’zbekistondan tashqarida, mintaqa davlatlarida yashayotgan o’zbeklar soni Afg’oniston bilan qo’shib hisoblaganda 10 milliondan oshiq.

O’sh va Jaloloboddagi xunrezlik o’zbeklar millat sifatida mutlaqo himoyasiz qolishi mumkinligini ko’rsatdi. Mintaqada zo’ravonliklar boshlangan taqdirda chetdagi o’zbeklarni kim va qay tarzda himoya qila olishi noma’lum.

O’zbekiston, mintaqa davlatlari va xalqaro jamoatchilik qirg’inni ko’proq kuzatish bilan cheklandilar. Tahlillarga ko’ra mintaqada etnik to’qnashuvlar tahdidi mavjud, bu yerdagi davlatlar o’rtasida ziddiyatlar ham tobora kuchayib bormoqda.

O'zbeklar himoyasiga kim turadi?

Markaziy Osiyo tarixan yaxlit mintaqa, millatlar azaldan tutash yashab kelgan. Sovet davrida besh davlatga bo’lib tashlangan hududda eng ko’p sonli millat bu o’zbeklar. Bugingi O’zbekiston bilan qo’shni davlatlarda azaldan millionlab o’zbeklar yashab keladi.

So’nggi 20 yilda ikki bor etnik zo’ravonlikka uchragan o’zbeklar uchun tahdid chetlatildi deyishga asos yo’q. O’sh qirg’ini kelajakda bunday zo’ravonlik takrorlangan taqdirda o’zbeklar himoyasi uchun turadigan kuch yo’qligini ko’rsatmoqda.

“Buning uchun birinchi navbatda o’zbeklar O’zbekistonda qadr topishi kerak. Atrofda milliy davlatlar, ya’ni tojik, qirg’iz, qozoq, turkman davlatlari tashkil topyapti deyish mumkin. Faqat O’zbekistonda o’zbek davlati, milliy davlat shakllanmadi, ittifoqning davomi sifatida qoldi. Oqibatda o’zbek O’zbekistonda ham, boshqa joyda ham qadrini topa olmadi, hozirgacha shunday. Bu o’z o’zidan atrofdagi davlatlarda yashayotgan o’zbeklar qadriga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun ham birinchi navbatda o’zbeklarning milliy yaxlitligini himoya qiluvchi davlat shakllanishi lozim”, - deydi tilshunos olim Baxtiyor Isabek.

Layoqatsiz hukumatlar

O’sh va Jalolobodda zo’ravonliklar avjga chiqishini rasmiy Toshkent ham, mintaqaning boshqa davlatlari ham asosan sukut bilan kuzatishdi. Sharhlovchilar fikriga ko’ra ko’ra davlatlarning betarafligi zo’ravonlikning butun mintaqaga yoyilishidan saqlab qolgan.

“Markaziy Osiyo ko’p millatli mintaqa, ayniqsa Farg’ona vodiysi aholisi. Uchinchi tomonni vaziyatga aralashishi katta urushga aylanib ketishi mumkin edi. Shuning uchun Rossiya ham, O’zbekiston ham, Qozog’iston ham chetda turdi. Bu yerda O’zbekiston mojaroga aralashganda butun mintaqa alanga ostida qolib ketishi mumkin edi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Tahlilchilarga ko’ra O’sh va Jalolobod voqealari mintaqa davlatlarining favqulodda holatda biror tezkor chora ko’rishga layoqatsiz ekanini ko’rsatib berdi.

“Qo’shni davlatlar deyarli ahamiyat bermadi. Yoki ularni O’zbekiston bilan aloqalari chatoq, yoki davlat arboblari bu qanchalik dahshatli narsa ekanini hali tushunib yetishmagan”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Mintaqa muammolarini boshqalar hal qilib berishini kutib o'tiraveramiz

Etnik mojarolar Markaziy Osiyoda asosiy muammolardan biriga aylanishi mumkin. Mintaqada milliy davlatchilikka zo’r berilar ekan, bu ko’proq yirik etnik jamoalardan bo’lgan o’zbeklar hayotida aks etmoqda.

“Boshqa millatlarga nisbatan hurmat saqlanishi kerak. Ozgina tarixdan xabardor bo’lish kerak. U yerdan o’zbeklarni haydash darajasiga kelish uchun tarixiy, ilmiy asoslarga ega bo’lish kerak. O’zbeklar hisobiga [Qirg’iziston] mustaqil ittifoqdosh resbublikaga aylanganini unutmasligi kerak. Qirg’izlar bir paytni o’zida tarixga, ota-bobolariga emas, butun turkiylikka qarshi chiqishmoqda. Buning tepasida qirg’izlar turmagani bilan, bajaruvchilari qirg’izlar-ku, ular ham turkiylar-ku”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Mintaqa davlatlari, deydi sharhlovchilar, millatchilikka asoslangan tahdidlar mavjudligini tan olishi, xalqaro hamjamiyat munosabat bildirishini kutmasdan tashabbusni o’z qo’liga olishi lozim.

“Nega? Chunki Qir’gizistonda bo’layotgan taranglik O’zbekiston-Tojikiston chegarasida bor, O’zbekiston-Tukmaniston chegarasida bo’lishi mumkin. Shunday muammo bor, undan ko’z yumib bo’lmaydi. Shuning uchun birinchi navbatda mintaqa davlatlarini o’zi shov-shuv ko’tarib, sinchiklab tekshirishi kerak edi. Buni oldini olish kerak, hatto Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan (YXHT) oldin, bu davlatlar qilishi kerak edi. Hozir ham kech emas, mintaqa davlatlari rahbarlari birga uchrashib, Qirg’izistonda o’tgan voqealar sabablarini o’rganishlari shart”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Oldinda parlament saylovlari

Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva O’sh va Jalolobodga YXHTning qurolsiz politsiya kuchlari kiritilishini ma’lum qildi. Tashkilot rasmiylariga ko’ra 50 nafardan oshiq politsiyachilar qirg’iz militsiyasiga vaziyatni barqarorlashtirishda ko’mak ko’rsatadi.

Bu qaror ancha kechikib qabul qilinganiga qaramasdan, vaziyatni o’nglashdagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanadi. Qirg’indan bir oydan oshiq vaqt o’tib ham vaziyat chigal. Qirg’izistonda kutilayotgan parlamant saylovlari millatchilik kayfiyatini yanada kuchaytirishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

“YXHT kuchlari betaraflikni ushlaydi, vaziyatni barqarorlashishiga hissa qo’shishi mumkin. Lekin shu bilan birga Rossiya tomonidan bu kuchlar samara bermasligi haqidagi bayonotlar ham tarqatilmoqda”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

YXHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Almatidagi uchrashuvida Qozog’iston prezidenti tashkilot kuchini millatchilik va irqchilik kabi illatlarga qarshi yo’naltirish lozimligi haqida gapirgan. Yevropa tashkilotining qirg’inlarni bartaraf etishdagi roli bir qadar bahsli baholanadi. Ayniqsa tashkilot raisi maqomiga ega Qozog’istonning faoliyatsizligi ta’kidlanadi.

“O’zbekilarga nisbatan hukumatlarda, jamiyatda paydo bo’layotgan mensimaslik kayfiyatini Qozog’iston misolida ham ko’rish mumkin. Shuning uchun ham Qozog’istonning voqealarni milliy nizo emas, siyosiy guruhlar o’rtasida janjal sifatida baholashi men uchun ajablanarli emas”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Qochqinlarga yordam uchun rahmat, lekin...

O’zbekiston 100 mingdan oshiq qochqinlarni qabul qildi. Biroq o’zbeklar qirg’inga tutilgan bir paytda O’zbekiston davlati bu bilan cheklanmasli kerak deyilmoqda.

“O’zbekiston qirg’inni to’xtatishga insonparvarlik yordami ko’rsatish, qochqinlarni qabul qilish bilan hissa qo’shdi. Lekin bu yordamlar Qirg’izistonda yana shunday vaziyat paydo bo’lishi mumkinligini oldini olmaydi. Axir qirg’inlar ikkinchi bor kuzatilmoqda, 20 yil avval ham aynan o’zbeklar qirg’inbarot qilingan. Endi qanday bo’lmasin bunday qirg’inlarni uchinchi bor qaytarilmasligi ustida ishlash kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Qirg’izistonda hukumat tasdiqlangach vaziyat barqarorlashadi, o’zbeklarga nisbatan tahdidlar kamayadi degan umidlar hozircha oqlanmadi. Xalqaro huquq tashkilotlari tarqatayotgan bayonotlarda hukumat kuchlari aynan milliy kelib chiqishga asoslanib ta’qib-tazyiqlarni kuchaytirayotgani ta’kidlanadi.

Qirg’iziston huquq-tartibot organlari o’zbek markazlari faollari, o’zbek jurnalistlarini hibsda saqlashmoqda. O’zbek tilidagi matbuot ustidan nazorat kuchaytirilgan, televideniyeda o’zbekcha eshittirishlar to’xtatilgan.

Muvaqqat hukumat qirg’in Bakiyevchilar va O’zbekiston Islomiy Harakati tomonidan amalga oshirilganini ta’kidladi. Biroq O’zbekistonda bo’lgan qochqinlar zo’ravonlik va qotilliklarda harbiylar ko’magida bosqinchilik qilgan qirg’izlarni ayblashadi.

Roza Otunbayeva xalqaro tergov o’tkazish haqida talablarga qo’shildi. BMT va YXHT doirasida muvofiqlashgan komissiya surishtiruv boshlashi kutilmoqda.

“Qirg’iz hukumati xalqaro tergov o’tkazishga rozilik berib, jinoyatchilar jazolangan taqdirda, bu qirg’inlarni boshqa qaytarilmasligini oldini olishi mumkin”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

O’tgan oy O’sh va Jalolobodda rasmiy ma’lumotga ko’ra 300 dan ortiq odam, norasmiy ma’lumotlarga ko’ra esa ikki mingdan ziyod odam o’lgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG