Breaking News

Huquq himoyachisi Surat Ikromov shaxsni haqorat qilish aybi bilan sudga tortilmoqda


O’zbekiston Inson Huquqlari Tashabbus Guruhu rahbari Surat Ikromov shaxsni haqorat qilganlikda ayblanib sudga tortilmoqda.

Faolning aytishicha, uni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, marhuma Dilnura Qodirjonova o’limi yuzasidan tarqatgan xabarlari uchun jazolashmoqchi.

Xonandaning sirli o’limi tafsilotlarini yashirishga harakat qilishmoqda, deydi u, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Mumtoz qo`shiqlar kuychisi, taniqli xonanda Dilnura Qodirjonovaning 2007 yilda sirli o`limi ortidan jamoatchilikda turli gap-so`zlar tarqagan edi. Rasmiy xulosaga ko`ra, Dilnura Qodirjonova o`z joniga qasd qilgan.

Ikki yarim yil avval yuz bergan fojea haqida huquq himoyachi Surat Ikromov tarqatgan axborot Qodirjonova o`limi yuzasidan mavjud rasmiy ayblovlarni shubha ostiga qo`ygan.

Xonandaning O`zbekiston Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlubovning ukasi, Yakkasaroy tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i Jamshid Matlubovning ikkinchi xotini bo`lgani esa bu ish tafsilotlariga bo`lgan qiziqishni yanada kuchaytirgan.

Qodirjonovaning ota-onasi surishtiruv o'tkazish haqida ariza bergan, ammo u inobatsiz qoldirilgan. Huquq himoyachisi ta’biricha, bu bevosita Matlubovlar egallagan lavozim bilan bog`liq.

“Qodirjonovaning onasi Okyabrxon Yusupova bosh prokurorga, prezidentga yozib javob ololmagandan keyin bizga murojaat qildi”, - deydi u.

Surat Ikromov xonanda o`limi yuzasidan tarqatgan xabarlarida mashhur qo`shiqchi oilaviy janjallar bois qasddan o`ldirilganini gumon qiladi.

“Qodirjonovaning o`ldirilishiga qaramasdan, buni ustida bo`lganlar qotillikni yashirishga harakat qilishgan, o`zini osgan deyishgan. Bir yillar o`tib televideniyeda hatto infarktdan vafot etdi degan gap ham aytilgan”, - deydi Surat Ikromov.

Qodirjonova o`limidan keyin uning avvalgi turmushidan bo`lgan ikki farzandi sud qaroriga ko`ra, uning uyida enagalik qilgan Rena Matmurodova tarbiyasiga topshiriladi.

Qodirjonovaning so`nggi turmushidan bo`lgan farzandini esa Jamshid Matlubovning o`zi otaliqqa oladi.

Surat Ikromov deydiki, bolalarni Dilnura Qodirjonovaning onasi Oktyabrxon Yusupova tarbiyasiga emas, enagaga berish ham shubha uyg`otadi.

“Uning ikki qizini ushlab turishibdi, chunki u qizlar o`sha kuni uyda bo`lishgan va hamma narsani ko`rgan”, - deydi Ikromov.

Rena Matmurodova tomonidan berilgan arizada Surat Ikromov xabari asosida matbuotda yortilgan maqolalar haqiqatga to`g`ri kelmasligi, shaxs qadr-qimmatini kamsitishga xizmat qilgani da`vo qilinadi.

“Xalqaro tashkilotlar, elchixonalardan telefon qilib, sudda qatnashishga qiziqish bildirishayapti. O`ylaymanki, bu ish Qodirjonova o`limi yuzasidan jinoiy ish ochilishi bilan tugashi kerak”, - deydi u.

Ikromov ikki yarim yil o`tib bu ish yuzasidan mahkama jarayoni qo`zg`atilayotganini huquq himoyachisi sifatida faoliyatiga tahdid deb baholaydi.

“Bu haqda asosan men gapirganim uchun bosim o`tkazishmoqchi, jinoiy ish ochilishini to`xtatishmoqchi. Lekin men bunga befarqman. Hozir advokatim bor, yaxshi ishlayapti. Albatta, ular bu bilan to'xtashmasa kerak, lekin biz bu ishni oxirigacha olib boramiz”, - deydi Ikromov.

O`zbekistonda inson huquqlari himoyachilariga nisbatan tazyiq va tahdidlar davom etmoqda. Surat Ikromovga nisbatan mahkama jarayoni barobarida huquq himoyachisi Anatoliy Volkov ustidan firibgarlik aybi bilan surishtiruv ishlari bormoqda.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining hibsda saqlanayotgan faoli G`aybulla Jalilovga nisbatan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish bilan bog`liq qo`shimcha ayblov qo`yilgan.

Avvalroq 10 yillik qamoq jazosini o`tayotgan huquq himoyachisi Norboy Xoljigitov qamoqdan O`zbekiston prezidentiga ochiq xat yozgan edi. Xoljigitov o`z xatida qamoqxonada sog`lig`i keskin yomonlashgani, jinoiy ish yuzasidan qayta adolatli sud o`tkazilishini so`ragan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG