Breaking News

Karimov: Qirg'izistondagi to'polon O'zbekistonga tarqalmaydi


<!-- IMAGE -->

O'zbekiston va Rossiya prezidentlari Islom Karimov va Dmitriy Medvedev Moskvada matbuot anjumanida Qirg'izistondagi vaziyatdan tashvish bildirgan.

Medvedevning aytishicha, muvaqqat hukumat siyosiy barqarorlikni ta’minlashi va saylovlar o’tkazishi kerak.

Bishkekda bugungi etnik to’qnashuvlarda besh kishi o’lgan. Mayovka qishlog'ida mesxeti turk aholiga hujum qilingan.

1990-yillarida yuz bergan o'zbek-qirg'iz mojarosi hali ham ko'pchilikning yodida.

Qolaversa 1999 yilning yozida Tojikistondan bir guruh jangarilar - O'zbekiston Islom harakati vakillari Qirg'iziston orqali O'zbekistonga kirishga harakat qilgan. Jangarilar bir necha kishini, jumladan Botken tumani hokimini garovga olgan edi.

Qirg'iziston, O'zbekiston va Tojikiston maxsus xizmatlari birgalikda harbiy amaliyot o'tkazib, jangarilar manzillarini o'qqa tutgan. Asosiy maqsad - qirg'iz, o'zbek va tojiklarni urushtirish bo'lgan deb eslaydi tahlilchilar.

Bugun Qirg'iziston poytaxti va tevaragida bezorilar ozchilik millatlar mol-mulkiga tajovuz qilib, zo'ravonlikka berilayotgani kuzatilmoqda.

Vaziyat keskin. Janubda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari namoyish qilmoqda. Oqibati nima bo’lishi noma'lum.

Qirg'izistondagi o'zbek yetakchilari etnik nizolarning oldini olish uchun odamlarni hushyorlik va hamjihatlikka chaqirmoqda.

Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov 1990-yillarda o’zbek-qirg'iz mojarolarini tinchitish sa’y-harakatlarida qatnashgan. Olim nazarida bugun ahvol og'ir.

“Qirg'iz ziyolilari, dehqonlari, ishchilari orasida esli-hushli, vaziyatni to'g'ri anglaydigan, o'zbeklar va qirg'izlar birodar xalq ekanligini biladigan aqlli odamlar nihoyatda ko'p, ayniqsa janubda. O’shalar hozir aholi orasida, qirg'izlar qirg'izlar orasida, o'zbeklar o'zbeklar orasida iloji boricha gaplashib, "birodarlar bir-biringlar bilan yaxshi bo'linglar" deyishi kerak. Hozir bitta qo'pol so'z ham to'polon chiqarishi mumkin, har qanday provokatsiya bo'lishi mumkin. Bu juda xavfli vaziyat, hazillashib bo'lmaydi”, - deydi Fayzulla Is’hoqov.

Ziyoli o'tgan hafta mamlakatni tark etgan Bakiyevni mas'uliyatsizlikda ayblaydi.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Qirg'izistondagi hodisalarni besh yil avvalgi inqilob natijasi sifatida ko'radi. Uning fikricha hukumatni ag'darib vaziyatni yaxshilash mumkin degan tasavvur o'zini oqlamagan.

Moskvada jurnalistlar oldida gapirgan Karimov Qirg'izistondagi hodisalar O'zbekistonga ko'chishi mumkin degan fikrlarni rad etgan.

Fayzulla Is’hoqov ta'biricha esa bugungi vaziyat 1990-yillarga qaraganda ancha murakkab.

“Ishsizlik o’sha paytga qaraganda bir necha barobarga oshgan. Qirg’izlar orasida ham, o'zbeklar orasida ham qashshoqlar ko'paygan. Bola-chaqa, tirikchilik g'amida yurgan odamga bitta gap ham ortiqcha bo'lishi mumkin. O'sha paytda Askar Akayev va Islom Karimov chegaraga borib, aholi bilan gaplashib vaziyatni tinchitgan edi. Xudo ko'rsatmasin bunday vaziyat qaytalanishini”, - deydi olim.

XS
SM
MD
LG