Breaking News

AQShda inflyatsiya darajasi yuqori, oylikka yashash qiyin


AQShda inflyatsiya darajasi yuqori, oylikka yashash qiyin
AQShda inflyatsiya darajasi yuqori, oylikka yashash qiyin

Amerikada iste’mol mahsulotlari narxi oshib borayapti. Bu birinchi galda oddiy aholini qiyin ahvolga solib qo’yadi. Kuchli inflyatsiya so’nggi bor Amerikada 1970-yillarda kuzatilgan.

Rasmiy raqamlar hozir unchalik qo’rqinchli emas, ammo oziq-ovqat va yonilg’i narxi keskin ko’tarilgan. Kishi boshiga daromad oshgani yo’q.

Ashvariya va Alok Sharma ikki farzandi bilan Hindistondan Amerikaga 10 yil oldin ko’chib kelgan. Hozirda ular AQSh fuqarolari.

Ko’pchilik amerikaliklar qatori iqtisodiy tanglik ularni ham chetlab o’tmadi. Mamlakatda narx-navo o’sishda davom etyapti. Inflyatsiya yiliga 2,7 foizni tashkil etadi. Maoshga yashash qiyin.

“Hech narsaga yetmayapti. Yaxshi to’laydigan ishlar kam, buning ustiga oylikni hech ko’tarishmaydi. Nima qilishga ham hayronsan”,- deydi Alok Sharma.

Iqtisodchilar deydiki, bugungi kunda oila byudjetining kattagina bo’lagi yonilg’i va oziq-ovqatga ketib qolayapti. Fuqarolar chora izlash bilan ovora. Alokning oilasi Vashington tevaragida yashaydi. Ular kompyuter mutaxassislari. Er-xotin har kuni ishga borib kelish uchun 65 kilometr yo’l bosadi. Bir yil ichida benzin narxi ham 26 sentga qimmatlashgan.

Sharmalar oilasi go’sht iste’mol qilmaydi. Dasturxonda asosan meva-sabzavotlar. Shuningdek, sut ko’p xarid qilishadi. Ammo bu mahsulotlar narxi ham ikki baravar oshgan.

“Bir yil oldin to’rt litr sut ikki dollar edi. Hozir esa deyarli to’rt dollar”, - deydi Ashvariya Sharma.

Oilaning hisob kitobicha, oziq-ovqat xarajati so’nggi olti oy mobaynida 25-30 foizga ko’tarilgan. Shu ketishda, deydi Alok Sharma, yaqin orada ko’p narsadan voz kechishga to’g’ri keladi.

“O’rtahol odamlarmiz, lekin yegulikka kelganda doim ko’nglimiz tusaganini olib yeganmiz. Bolalarga ham yo’q demaymiz. Endi o’ylanib qoldik”,- deydi Alok.

Mutaxassislar qayd etishicha, Xitoy, Braziliya va Hindiston kabi mamlakatlarda o’rta sinf rivojlanib, iste’mol tovarlariga bo’lgan ehtiyoj narx-navoni oshirib yuborgan. Boshqalar tabiiy ofat, qurg’oqchilik va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi g’alayonlar sabab yegulik va neft narxi yuqorilab ketdi, deydi.

Jorj Vashington Universiteti professori Deni Lipziger bu gaplarda jon bor deya tasdiqlaydi.

“Xitoyda iqtisodiy o’sish natijasida millionlab fuqaro qaddini rostlab oldi, lekin global inflyatsiyaga turtki bergan asosiy omil bu emas. Bozorda narx-navo talab va taklifga qarab o’zgarib boraveradi. Ayrim mahsulotlar inflyatsiya ayniqsa moyil”,- deydi u.

Lipziger neft narxini misol qilib keltiradi, chunki tabiiy boyliklar bitmas tuganmas emas.

Amerikaliklar narx-navoning ko’tarilishiga ko’nikishi kerak bo’ladi, deydi olim. Krizisdan oyoqqa turayotgan iqtisodiyot hali mustahkam emas. Markaziy bank ixtiyorida inflyatsiyani jilovlaydigan mexanizmlar bor, biroq ehtiyotkorona ish tutish lozim.

“O’rta sinf eng ko’p aziyat chekkan qatlam. Inflyatsiyaning oldini olamiz deb shundoq ham qiynalgan aholiga jabr qilmaslik kerak. Oqibati yaxshi bo’lmaydi”, - deydi olim.

Alok Sharma esa qora kunga olib qo’ygan mablag’ini kundalik xarajat uchun sarflay boshladi. Qarindosh-urug’larni ko’rgani Hindistonga ham kamroq safar qiladigan bo’ldi. Ishga borish uchun uch-to’rt kishi bo’lib, bir mashinadan foydalanishni o’ylab qo’ygan. Bu choralarning barchasi vaqtinchalik degan umidi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG