Breaking News

Skaut qizlar harakati 100 yoshda


Skaut qizlar
Skaut qizlar

AQShda o’quvchi qizlarning “skaut” (scout) jamoalari tuzilganiga 100 yil bo’ldi. Kelayotgan yoz ular poytaxt Vashingtonda yig’ilib, bu muhim sanani nishonlaydi. Xo’sh, bu harakat a’zolari o’zi nima bilan mashg’ul?

Chodir tutib, gulxan yoqib, birga qo’shiq aytish bu qizlarning jonu dili. Bir asrdirki, Amerika qizlari bu tashkilotga kirishni burch deb biladi.

Har bir o’quvchi uchun faxr bu.

Masalan, 10 yoshli Kassidi Li Brooks uchun.

“Qayiqda sayr qilamiz, palatkalarda yashaymiz, qo’shiq aytamiz, maza…”,- deydi u.

Bu qiz qiyinchiliklarga bardosh bergani uchun medal olgan.

“Lagerlarga borib, turli vazifalarni bajarsangiz, medal olishingiz mumkin. Ovqat pishirish, idish yuvish… Hamma ishni o’zingiz qilishingiz kerak. Ko’p narsa o’rganasiz. Menga yoqadi”, - deydi u.

Ijtimoiy foydali mehnat - bu harakat va uning a’zolarining asosiy maqsadi. Qizlar mustaqil fikr yuritishni, mas’uliyat, ahloq va tartibni, qolaversa kasb-hunar o’rganadi.

“Turli sohalardan saboq berishadi. Siz bilan suhbatlashib, sizni qiziqtirgan ishlarni aniqlab, murabbiy tayinlashadi. Masalan, muzeyda yordamchilik qilmoqchi bo’lsangiz, u yerdan odamlar kelib sizni olib ketishadi. Ish o’rganasiz. Zarur bo’lsa, sayohat qilasiz. Kelajakda, bu tajriba juda qo’l keladi”, - deydi yana bir skaut qiz Maniya Greyver.

“Skaut”, ya’ni chaqqon qizlar harakatiga 1912-yilda Juliet Gordon ismli ayol tomonidan asos solingan. Undan bir necha yil avval o’gil bola skautlar harakati boshlangan edi. Bora-bora harakat butun dunyoga tarqaldi. Argentinadan Zimbabvegacha – bugungi kunda 145 ta mamlakatda shunday jamoalar bor.

Prezident Barak Obama Amerika qiz va o'g'il bola skautlar bilan, Oq Uy, 2011
Prezident Barak Obama Amerika qiz va o'g'il bola skautlar bilan, Oq Uy, 2011

Lidiya Soto-Xarman Skaut qizlar harakati bosh direktori. Uning aytishicha, Juliet Gordon tashkilotga asos solganida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan.

“Qizlar uydan chiqmasligi, ovqat qilib, supur-sidir bilan mashg’ul bo’lishi kerak deyishgan. Juliet Gordon esa yosh qizlarni lagerlarga olib borgan”.

Yozgi tantanaga tayyorgarlik avjida. Lidiya Soto-Xarman tashkilotning bir asrlik tarixini qadrlash, saboq olish kerak deydi.

Buni esa qizlarning o’zi targ’ib qilmoqda, turli madaniy tadbirlar va yig’inlar orqali.

“100-yillik tavalludimiz yaqinlashar ekan, biz har bir imkoniyatdan foydalanib, yosh avlodni ham harakatga qo’shilishga undash kerak",- deydi Soto-Xarman.

"Biz liderlik, atrof-muhitga e’tibor, boshqalarga sahovat, mamlakatga hurmat kabi jihatlarga urg’u beryapmiz. Qizlarni aqlli, tirishqoq va insonparvar qilib tarbiyalash – ustuvor maqsadimiz”.

Skaut qizlar harakatining yangi asri boshlanyapti, deydi Lidiya Soto-Xarman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG