Yaponiya radiatsion ofat oldini olish uchun barcha choralarni ishga solmoqda, biroq Fukushima zavodida vaziyat hali ham murakkab.
Nurlanish darajasi o’ta yuqoriligi sababli inshoot ichida uzoq qolish mumkin emas. Bu esa ishni sekinlashtiryapti.
Yuzlab o’t o’chiruvchi va harbiylar qiziyotgan reaktorga suv purkash bilan ovora. Muhandislar, bu orada, elektr kabellarini tuzatib, nasoslar va sovutish sistemalarini qayta ishga tushirishga harakat qilyapti.
Yaponiyaga yetib kelgan Xalqaro Atom Boshqarmasi delegatsiyasi bir necha kun davomida vaziyatni o’rganadi.
Zavoddan 20 kilometr radiusdagi 200 ming aholi evakuatsiya qilingan. Chodirlarda yashayotgan minglab fuqaroga oziq-ovqat va suv yetarli emas.
Yaponiya rasmiylari aholini bosiqlikka chaqiryapti. Radiatsiya zilziladan vayron bo’lgan Fukushima inshootidan bir necha kilometr uzoqlikda aniqlangan bo’lsada, sog’liqqa ziyon emas, deydi ular.
Biroq hukumat xavf darajasini yana bir pog’onaga ko’targani aholi orasida vahima uyg’otgan. Poytaxt Tokiodan odamlar janub va g’arbiy hududlarga ko’chmoqda. Biznes va kompaniyalar ham o’z xodimlarini ko’chiryapti.
AQSh prezidenti Barak Obama o’z mamlakatida atom elektrostansiyalari xavfsizligini obdon tekshirishni buyurgan. Uning ta’kidlashicha, radiatsiya AQShga tahdid solmaydi.
Shunga qaramasdan, Amerika g’arbidagi monitoring markazlari radiatsiya juda ham oz miqdorda Kaliforniyagacha yetib kelganini aniqlagan.
AQShning Tinch okeanidagi qo’shinlari qo’mondoni admiral Robert Villard “Yaponiyadagi mojaro zonasiga yuzlab harbiylarni safarbar etganmiz, so’rashsa qo’shimcha madadga ham tayyormiz”, - deydi.
Radiologik ofatlar bilan shug’ullanuvchi 450 ekspert, shuningdek, Amerika dengiz kuchlari ishga shay, deydi admiral.