Yaponiyadagi zilzila oqibatida atom elektrostansiyasida kuchli portlash ro’y berib, atrofga radiatsiya tarqalgan. Bosh vazir Naoto Kan aholini ofat zonasidan evakuatsiya qilishga ko’rsatma bergan.
Portlash natijasida atom reaktori joylashgan beton inshoot vayron bo’lgani xabar qilinmoqda, ammo radiatsiya darajasi unchalik yuqori emas, deydi rasmiylar.
BMT qoshidagi Xalqaro Atom Boshqarmasi vaziyatni o’rganishga kirishmoqda. 8,9 balli zilzila Fukushima zavodida sovutgichlarni ishdan chiqargan. Portlash oldidan inshoot atrofida radioaktiv moddalar aniqlangan edi.
Ayni paytda stansiyadan 20 kilometr radiusdagi aholi ko’chirilmoqda. Radiatsiya ta’sirini kamaytirish uchun ularga yod tarqatiladi.
Bosh vazir Naoto Kan so’zlariga ko’ra, mamlakat misli ko’rilmagan ofat bilan yuzlashib turibdi. 40 ming zobit qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilingan, o’lganlar soni soat sayin oshib bormoqda.
Zilzila va uning oqibatida Tinch okeanidan kelgan tsunami, balandligi 10 metr keladigan kuchli to’lqinlar Yaponiyaning shimoli-sharqiy qirg’oqlarini qaqshatgan.
Zilzila markaziga yaqin Senday, Rikuzentaka shaharlari hamda Minamisanriku portida topilgan jasadlar soni 800 ga yaqin. Minglab insonlar halok bo’lgani taxmin qilinadi.
Ayni paytda poytaxt Tokio aeroportlari, temir yo’l stansiyalari va maktablar fuqaro uchun vaqtincha boshpana vazifasini o’tayapti. Kuniga 8 million yo’lovchi tashuvchi Tokio metrosi ishdan chiqqan.
AQSh, Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreyadan mutaxassislar guruhi bugun Yaponiyaga yo’l oldi.
Bosh vazir Naoto Kan AQSh prezidenti Barak Obama va yana 50 mamlakat rahbarlari bilan telefonda gaplashib, barchasidan yordam so’ragan. Amerikaning insonparvarlik yordami ortilgan bir necha samolyot va kemalari mamlakatga yo’l olmoqda.
"Amerika xalqi Yaponiyaga chuqur hamdardlik bildiradi. Nimaiki kerak bo'lsa, biz tayyor", - deydi Barak Obama.
Suvosti zilziladan vujudga kelgan tsumani Shimoliy va Janubiy Amerika qirg’oqlariga ham yetib borgani, minglab aholi evakuatsiya qilingani haqida xabarlar bor.
AQShning Oregon va Kaliforniya shtatlari bu ofatdan millionlab dollar zarar ko’rgan.