Breaking News

Chernobilga sayohat… Yadroviy fojiadan 25 yil o'tib


Pripyat shahri
Pripyat shahri

Yaponiyaning Fukushima zavodida ro’y bergan halokat Chernobil fojeasi haqidagi xotiralarni yana bir bor qalqitdi. 25 yil oldin Ukrainadagi bu atom stansiyasi portlab, bugun o’ziga xos turistik maskan.

Aleksandr Sirota bolalik yillari o’tgan uyga borishni yaxshi ko’radi. Eng baxtiyor damlar kechgan bu yerda.

Uyning oboylari shilinib tusha boshlagan. Rangini umuman ajratib bo’lmaydi hozir.

Odam zoti yashamaydigan mana bu xonadon huvillagan bir ko’chada joylashgan.

Chernobilga sayohat… Yadroviy fojiadan 25 yil o'tib
Chernobilga sayohat… Yadroviy fojiadan 25 yil o'tib

Aleksandr Chernobil atom elektr stansiyasidan 13 kilometr naridagi Pripryat shahridan.

25 yil oldin, 26 aprel kuni stansiya reaktori portlab, shaharning 50 ming aholisi evakuatsiya qilingan.

Chernobil 1970-yillarda Yevropaning eng yirik yadro zavodi bo’ladi deya qurilgan. 1986 yilda inshoot dunyodagi eng yirik yadroviy halokat zonasiga aylangan.

Fukushima halokati ketidan dunyo ahli Chernobilni eslamoqda. Chorak asr oldin reaktor portlab, binoning tomidan asar ham qolmagan edi.

Avvaliga Sovet hukumati fojeani inkor etgan. So’ng 330 ming odamni ko’chirishga majbur bo’lgan. 4 ming 300 kilometr kvadrat maydonni egallovchi hudud bugun ham yashashga yaroqsiz.

Lekin shu yilning yanvarida Ukraina rasmiylari chorak asr o’tib, Chernobildan turizm uchun foydalansa bo’ladi deya xulosa qildi.

Ba’zi sayyohlar ehtiyot shart niqobda.

Boshqalarning qo’lida radiatsiya miqdorini o’lchagichlar.

Ko'ngilochar park
Ko'ngilochar park

Ayrimlar Chernobildan suvenirlar sotib olgan.

Donetsklik Maksimga bu yer juda yoqdi. Zo’r ekan, deydi u. Lekin o’rtoqlaridan hech biri Maksim bilan bormadi, qo’rqishdi.

“Meni ahmoqqa chiqarishdi. Nurlanish hali ham bor deb o’ylashadi”, - deydi Maksim.

Diqqat markazida – Pripyat shahri. Bir paytlar zamonaviy shahar edi. Hozir tarixiy obida, sayyohlarni tortadigan maskan.

Lenin ko’chasidan avtobus yaqinlashmoqda. Halokat paytida yangragan xabarlar eshittirilmoqda.

25 yil o’tib, hozir sayilgoh, parklarni daraxtlar bosib ketgan.

Bino shiftlaridan kafel to’kilib tushmoqda.

Tomlar eski… Aleksandrning maktabida ham ahvol shu…

Maktab oshxonasini ko’zdan kechirar ekan, Aleksandr bir vaqtlar bino bolaning qiy-chuviga to’la bo’lganiga ishonish qiyin, deydi.

“Farqni qarang”, - deydi Aleksandr.

Binoda tok soladigan rozetkalar zang bosib yotibdi.

Halokat asorati: o'simliklar shaklan o'zgargan
Halokat asorati: o'simliklar shaklan o'zgargan

Ayrim oynalar hali ham butun, lekin 25 yilning qish va yozi izsiz ketmadi.

Istirohat bog’i huvillagan, bahorni kutayotgandek bu arg’imchoqlar.

Issiq kunlar kelib, shahar yashil bahmalga cho’mishidan oldin devorlarda sovetlarning shior va ramzlarini ko’rish mumkin.

Sovet Ittifoqining 50 yilligini olqishlovchi so’zlar…

Atomdan xoli dunyoga da’vatlar…

Muhandislar radiatsiya xavfi hali ketgani yo’q, deydi.

Amerikalik mutaxassis Lorin Dodd atom stansiyasini o’ragan sarkofagdan xavotirda:

“Juda pishiqmas bu qurilma. Robotlar yordamida, og’ir bir sharoitda qurilgan narsa. U yer, bu yerida katta-katta teshiklari bor. Binoning ichiga kirib ko’ring-da, har xil jonivorlar bemalol kirib chiqib yuribdi. Qushlar ham in qurib olgan”.

Imorat yil-sayin eskirib borar ekan, Lorin Dod Chernobil uchun yangi himoya konteyneri qurish ishlarida qatnashmoqda.

“Eski sarkofaglar ichida hali ham 200 tonna radioaktiv modda bor. Hozirgisi 1986 yilda olti oy davomida juda bir murakkab vaziyatda bunyod etilgan. Quruvchilar haqiqiy qahramon. 10 yilga mo’ljallangan edi o’sha paytlar. Oradan 25 yil o’tibdi”, - deydi olim.

Yangi qurilma, balandligi “Ozodlik” haykalidek kelishi va dunyoda eng yirik moslamalardan biri bo’lishi kutilmoqda.

Aprel oyida Ukraina rasmiylari Rossiya poytaxti Moskvada xalqaro donorlar anjumani o’tkazadi. Unda 1 milliard dollar jamlanishi kutilmoqda – Chernobil ofatini jilovlash uchun zarur bu.

Yaponiya hukumati atom halokatining boshi bor ekanini biladi. Lekin uning oxiri qayerda ekani hech kimga ayon emas.

XS
SM
MD
LG