Yaponiya atom elektr stansiyasidagi halokat dunyoda nurlanish xavfiga doir xavotirlarni kuchaytirmoqda. Ammo hidi va ta'mi yo'q, ko'rib bo'lmas narsadan qo'rqish mumkinmi?
Olimlarning aytishicha, inson har kuni turli xil radiatsiyaga uchraydi. Masalan, rentgen yoki quyosh nurlariga. Hattoki, banandan ham nurlanish mumkin ekan.
Yadro xavfi haqida so'z borganda odatda eski filmlardagi qo'ziqorinsimon ulkan tutun ko'z oldimizga keladi. Ko'plar Sovuq urush davridagi qurollanish poygasini eslab, yadroviy oxiratni xayoliga keltiradi. 66 yil avval AQSh janubi-g'arbidagi cho'lda dunyoda ilk bor sinalgan atom bombasi videotasvirga tushiriladi. So'ng Amerika tomonidan tashlangan ikki atom bombasi Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlarini kul qilib, Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaydi.
Sovet Ittifoqi ham yadro qurolini yaratgach, ikki davlat o'zaro ishonchsizlik va qo'rquvda yashab keladi. Maktablarda havo trevogasi mashq qilinib, bolalarga parta ostiga yashirinishni o'rgatishadi. Biroq radiatsiyaning ko'zga ko'rinmas ta'siridan bunday usullar bilan himoyalanib bo'lmas edi.
Keyin ma'lum bo'lishicha, yadro energiyasidan nafaqat qurol, balki elektr quvvati manbasi sifatida ham foydalanish mumkin ekan. Ammo 1979-yilda AQShning Pensilvaniya shtatidagi atom zavodi, so'ng 1986-yilda Sovet Ittifoqining Chernobil atom elektr stansiyalarida falokat ro'y bergach, nurlanish tahdididan xavfsirash yana kuchaydi.
Rossiyalik fan arbobi va ekolog, radiatsiya va yadro xavfsizligi bobida mutaxassis Aleksey Yablokovning aytishicha, AQShdagi avariya Chernobil fojiasi oldida dengizdagi bir tomchiday edi.
Sovet Ittifoqidagi zavodda reaktorlarning birida bir necha portlash yuz berib, atmosferaga ming baravar ko'p radioaktiv moddalar chiqqan. Darhol tezkor chora ko'rish o'rniga, Sovet rasmiylari birinchi portlashdan 36 soat davomida falokat ko'lamini yashirib, qimmatli vaqtni boy bergan. Natijada minglab odamlar nobud bo'ldi. Fojiadan 25 yil o'tib ham uning asoratlarini haligacha ko'rish mumkin.
"Chernobil bir necha avlodni qaqshatdi. Aholi genetikasi, sog'lig'iga jiddiy zarar yetdi. Buni yoddan chiqarib bo'lmaydi", - deydi ekspert.
Endi esa Fukushima stansiyasidagi jarayon insoniyatni xavotirga solmoqda. Radiatsiya xavfi qanchalik yuqori degan savol ko'plarni qiynamoqda.
Ekspert Jerald Epstinning aytishicha, odam usiz ham har kuni turli xil radiatsiyaga uchraydi.
"Sayyoramizdagi barcha o'simligu jonli mavjudotlar va inson hamisha oz miqdordagi radiatsiyaga cho'madi. Gap nurlanishning bor-yo'qligida emas, balki reaktordan chiqqanda inson salomatligiga ta'siri, xavfi qanday bo'ladi? Kundalik hayotimizda radiatsiya miqdori oshsa ham, salomatlikka zarar juda kam", - deydi u.
Har safar yo'lovchilar aeroportda samolyotga chiqishdan oldin xavfsizlik nazoratidan o'tganda, radiatsiyaga uchraydi. Samolyot havoda yuqoriga ko'tarilgani sari yo'lovchilar atmosferadagi kosmik nurni oz miqdorda qabul qiladi.
Jerald Epstinning aytishicha, uy va imoratlarni qurishda ishlatiluvchi toshlarda va tuproqda tabiiy radiatsiya bor. Rentgen va tomografik tibbiy apparatlardan ham nurlanish mumkin. Hatto ba'zi meva va sabzavotlardagi kaliyni iste'mol qilib ham, radiatsiya olsa bo'ladi.
"Kaliyning bir qismi radioaktiv shaklda bo'lib, biz uni hamisha iste'mol qilamiz", - deydi Epstin.
Yaponiyadagi falokatdan ko'p o'tmay ayrim amerikaliklar dorixonadan kaliy yodi kapsulalarini buyurtirgani ma'lum bo'ldi. Ular shu tariqa atom elektr stansiyalaridan taralayotgan chiqindilar tarkibidagi radioaktiv yoddan o'zini himoya qilmoqchi bo'lgan.
"Kundalik radiatsiyaning hech qanday zarari yo'q. Aksincha, ular iste'mol qilayotgan kapsulalarning sog'liqqa ziyoni kattaroq", - deydi Jerald Epstin.
Mutaxassisning aytishicha, Yaponiyadagi falokat atom elektr stansiyalari qurmoqchi bo'lgan davlatlarni o'ylantirib qo'ygan bo'lsa, ajabmas. Agar yadro yonilg'isidan yuz o'giradigan bo'lsak, elektr quvvatini olishda muqobil manbalarni izlash kerak bo'ladi. Ammo shunda ham bu manbalarning xalq salomatligiga ta'sirini obdon o'rganish kerak.