Breaking News

Pan Gi Mun: O'zbekiston xalqaro qonunlarga amal qilishi kerak


O'zbekistonga tashrifini Orol bo'yidagi ahvolni o'rganishdan boshlagan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ekologik vaziyatni yaxshilash uchun yordam ko'rsatishga tayyor ekanligini ma'lum qilgan.

Pan Gi Mun Toshkentda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvida atrof-muhit, mintaqada suv taqsimoti masalasi haqida suhbatlashgan.

Inson huquqlari mavzusiga ham to'xtalgan Pan Gi Mun nazarida respublikada islohotlar davom etmoqda va bu ijobiy hol.

"Hukumat inson huquqlari bo'yicha imzolagan hujjatlardagi talablarni bajarishi, unga yuklangan majburiyatlarni amalda ado etishi kerak", - deydi u.

Bosh kotib Toshkentda Xalqaro Iqtisodiyot va Diplomatiya Universiteti talabalari oldida so'zlab, huquq va erkinlikni e'zozlash har bir davlatning burchi deya qayd etgan.

Ikki kunlik safarini yakunlar ekan, Bosh kotib Toshkent xalqaro aeroportida matbuot xodimlari oldida so'zlagan.

BMTning O'zbekistondagi matbuot kotibasi Gulnoza Saidazimovaning bildirishicha, prezident Karimov va BMT Bosh kotibi orasida kechgan muloqotda mintaqaviy masalalar, ayniqsa hamkorlik haqida gap ketgan.

“Albatta, BMT Bosh kotibi yakshanba kuni Orol mintaqasiga borgani va Orol dengizi ekvatoriyasini o'z ko'zi bilan ko'rgani haqida gapirib, o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Bundan tashqari, dushanba kuni Toshkentda BMT va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o'rtasida qo'shma bayonot imzolanishi haqida gap bordi”, - deydi Gulnoza Saidazimova.

Pan Gi Munning O'zbekistonga safarini inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar yaqindan kuzatdi. Tashrif oldidan “Xyuman Rayts Uotch” tashkiloti BMT Bosh kotibiga murojaat qilib, O'zbekiston prezidenti bilan muzokaralarda huquq va erkinlik masalasiga alohida e'tibor qaratishni so'ragan edi.

“Inson huquqlari masalasi O'zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda ham, boshqa rasmiylar bilan uchrashuvda ham ko'tarilgan. Bugungi matbuot anjumanida ham BMT Bosh kotibi xorijlik bir jurnalistning inson huquqlari haqidagi savoliga javob berar ekan, O'zbekistonda bu sohada ancha islohotlar amalga oshganini tilga olib, xususan o'lim jazosi bekor qilinganini olqishlagan”, - deydi Gulnoza Saidazimova.

O'zbekiston 60 ga yaqin xalqaro deklaratsiya va konvensiyalarga imzo chekkan.

BMT Bosh kotibida Orolbo'yidagi vaziyat og'ir taassurot qoldirgan.

Pan Gi Mun fikricha Orol dengizi – haqiqiy fojia va tabiatga nisbatan befarqlik nimaga olib borishi mumkinligining yorqin isboti. U mintaqa davlatlarini Orol asoratlariga qarshi kurashda birdamlikka chaqirgan.

“Bundan buyon batafsil muzokaralar olib boriladi bu masalada. O'zbekiston rasmiylari ham, BMT rasmiylari ham Orol xususida bir narsaga kelishib olishdi – BMT O'zbekistonga, mintaqaning boshqa davlatlariga ham, Orol muammosini hal etishda yordam berishga va batamom qo'llab-quvvatlashga tayyor”, - deydi Gulnoza Saidazimova.

O'zbekiston rahbari BMTni global tahdidlar, davlatlar o'rtasidagi ziddiyatlarni hal etuvchi idora sifatida ko'rishini aytgan.

Islom Karimov Afg'onistonda barqarorlik o'rnatish masalasida O'zbekiston olg'a surgan tashabbuslar BMT rahbari tomonidan quvvatlanishiga umid bildirgan.

BMT rahbari O'zbekistondan Tojikistonga jo'nab ketgan. Pan Gi Munning Markaziy Osiyo bo'ylab safari Qozog'istondagi muzokaralar bilan yakunlanadi.

XS
SM
MD
LG