Breaking News

O'zbekistonda g'alladan daromad ko'rayotgan dehqon emas


Sharhlovchilarning aytishicha, bu yil yog’ingarchilik kam kelishi birinchi navbatda g`allakorlar hosilida bilingan. Ko`plab fermerlar davlat planini bajara olmagan.

Suv taqchilligini hukumat e`tiborga olmagan, davlat rejasini bajarmagan fermerlardan bug`doy o`rniga pul undirilmoqda, bozordan bug’doy sotib olib, davlatga topshirishga majbur qilinmoqda. Bozorda bir kilo bug`doy narxi ming so`mga ko`tarilgani ta’kidlanadi.

O`zbekiston prezidentining g`allakorlarga yo`llagan tabrigida og`ir iqlim sharoiti, qurg`oqchilikka qaramasdan yuksak xirmon ko`targan dehqonlarga minnatdorchilik bildiriladi. Davlat rahbari bu yil g`alladan ko`rilgan daromad eng yuqori ko`rsatkichga chiqqanini aytadi.

Biroq bu ko`rsatkichga erishish dehqonlar uchun o`ta qimmatga tushgan, ayrimlari mol-holini sotib, davlat plani uchun bug`doy olgan, boshqalari davlatdan qarzligicha qolmoqda. Xabarlarga ko`ra, mahalliy hokimiyat bunday fermerlardan yerni tortib olishga qaror qilgan.

Fermerlardan birining aytishicha, g`alladan daromad ko`rayotgan dehqon emas, bu yilgi mavsum ham shuni ko`rsatgan, bug’doy dehqonlardan suv tekinga sotib olingan.

“Dunyoda bug’doy narxi 450-500 dollarga bordi, bizdan kilosini 175 so`mdan olishayapti. Davlat o`z dehqoniga haqiqiy narxning 25 foizini berayapti, deyarli sadaqa hisobida. Bundan ko`ra tekinga olsa ham bo`lardi, lekin o`rim qimmat, yoqilg`i, o`g`it, texnika xizmati dunyo bozori narxida. Hozir bozordan keldim, bug`doy ming somga ko`tarilgan, bug`doy yo`q. Bug’doyni xalqdan militsiya yordamida tortib olishdi”, - deydi bu fermer.

Ta`kidlanishicha, bu yil fermerlar 6 million 187 ming tonna hosil yig`ishtirgan, bundan tashqari 3 million 300 ming tonnaga yaqin bug`doy fermerlarda, dehqonlarning o`zida qolgan.

Ayrim fermerlar dehqonlarga bug`doy qoldirilganiga shubha bilan qaraydi, hosildorlik ko`rsatkichi yil sayin pasaymoqda, davlat plani esa ko`tarilib bormoqda.

“Bunga ishonmayman. Qanday qoladi? Qolgan bo`lsa, 500 tonnasi qolgandir, uniyam o`zi o`rib, yashirib olmagan bo`lsa. Ayrim fermerlar 50 sentnerdan olgan bo`lsa, o`ziga qolgan bo`lishi mumkin, lekin 40-50 tonnaga yetkazadigan fermerlarning o`zi yo`q. 20-22 sentner beradi hozir bizning yerlar, 100 tadan bittasiga 500 tonna qolgandir. Endi har bir gap, yolg`onligi ma`lum-ku, ko`zbo`yamachilik”, - deydi fermerlardan yana biri.

Sharhlovchilar nazarida mamlakatda qishloq xo`jaligi bo’yicha yuritilayotgan siyosat ham asosan kuchga tayanmoqda. O`zbekiston bug`doy hosilini militsiya yordamida yig`ishtirayotgan sanoqli davlatlardan biri.

XS
SM
MD
LG