Prezident Barak Obama bugun Shimoliy Karolina shtatiga borib, harbiy bazada so’zladi. Amerika rahbari Iroqdan qaytayotgan askarlar va ularning oilalari bilan ko’rishdi.
“Bosh qo’mondon sifatida, butun xalq nomidan aytamanki, xush kelibsiz, uyga xush kelibsiz, azizlar”, - dedi Obama qariyb toqqiz yillik urushni sarhisob qilar, ikki davlat orasidagi rishtalar, talofatlar va kelajak haqida gapirar ekan.
U borgan Fort-Braggdan chiqqan maxsus kuchlar 2003-yilda Iroqqa birinchilardan bo’lib kirgan edi. Prezident AQSh askarlari shijoati, xizmatiga tahsin aytdi.
“Iroqda amerikalik 1.5 million zobit kurashdi. 30 mingdan ziyodi yaralandi. 4 yarim ming harbiyni qo’ldan boy berdik”.
Oq uy matbuot kotibi Jey Karni 31-dekabr muhim sana deydi. Ungacha Amerika qo’shinlari Iroqni butunlay tark etgan bo’ladi.
AQShga safar qilayotgan Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy ham prezident Obama qatori Shimoliy Karolina shtatiga bordi. Malikiy kechagi chiqishida Amerika kompaniyalarini Iroqqa chorladi.
AQSh Savdo Palatasida so’zlagan vazir ta’rificha, Bag’dod va boshqa shaharlar kelajagini generallar emas, biznes va tadbirkorlik belgilaydi.
Oq uy nazarida Iroq o’z xavfsizligini ta’minlashga qodir. Jangari hujumlari hali to’liq barham topmasa-da, ko’lami keskin kamaygan.
Iroqning Falluja shahrida bugun minglab odam namoyishga chiqib, xorijiy askarlar ketayotganini tantana qilgan. “Endi ozodmiz”, “G’alaba qozondik” degan hayqiriqlar yangramoqda.
Ayrimlar AQSh va Isroil bayroqlarini yoqqan. Bag’dodga qo’shni Falluja bir paytlar jangarilar o’chog’i, AQShga qarshi kuchlar manzili sanalar edi.
Kecha Iroq janubida neft quvurida ikki portlash ro’y bergan. Bag’doddagi xurujda ikki politsiyachi o’lib, besh kishi jarohatlangan.