Breaking News

Vitse-prezident Cheyni Yaqin Sharqqa safar qiladi


AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni Yaqin Sharqqa yo’l olmoqda. Cheyni Falastin va Isroilni tinchlik muzokaralarini tezlashtirishga undaydi. O’tgan hafta mintaqada Davlat kotibasi Kondoliza Rays ham bo’lgan edi.

AQSh vitse-prezidentining mintaqaga safari yakshanba kuni boshlanadi. U Isroil, G’arbiy Sohil, Oman, Saudiya Arabistoni va Turkiyada bo’ladi.

Oq uy tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Cheynining safari oldindan rejalangan va yaqinda mintaqada sodir bo’lgan zo’ravonliklarga bog'liq emas. Shunga qaramay Isroil va Falastin o’rtasidagi ziddiyatlar tashrif davomida muhokama qilinishi aniq.

Prezident Bushning aytishicha, Cheyni safaridan maqsad AQShning Yaqin Sharqda tinchlik tarafdori ekanini yana bir bor bildirib, tomonlarni o’z majburiyatlarini bajarishga chaqirish.

Isroil majburiyatlaridan biri yahudiy posyolkalari qurilishlarini to’xtatish, falastinliklar esa o’z navbatida Isroilga hujum qilayotgan jangarilar harakatini cheklashga va’da bergan.

Shunga qaramay tomonlar o’z va’dalariga xilof ish tutib kelmoqda. G’azodan Isroilga raketalar otilmoqda, Isroil esa Sharqiy Quddusda posyolkalarni kengaytirmoqda.

Prezident Bush masalaga yechim topiladi degan umidda.

Biroq uning fikricha G’azo nazoratini o’z qo’liga olgan Xamas guruhi mintaqada demokratiya barpo etilishiga qarshilik ko’rsatmoqda.

AQSh vitse-prezidenti Saudiya Arabistoniga safari davomida qirol Abdulla bilan neft narxini tushirish masalasini ham muhokama qiladi. Buning uchun Qo’shma Shtatlar neft ishlab chiqaruvchi davlatlar uyushmasi hisoblanmish OPEK tashkilotidan mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishni so’ramoqda. Biroq OPEK hozircha bu talabni rad etib kelmoqda.

Turkiyaga safari davomida Dik Cheyni Turkiya armiyasining yaqinda Iroq shimolida amalga oshirgan operatsiyasi xususida fikr almashadi. Tashrif davomida Eron masalasi ham muhokamada bo’ladi.

XS
SM
MD
LG