Breaking News

Sovet qo'shinlari Afg'onistonni tark etganiga 20 yil bo'ldi


Bugunga kunda tarixga aylangan Sovet Ittifoqi Afg'onistondan o'z qo'shinlarini 1989 yilda butunlay olib chiqqan edi.

10 yillik qonli urushda O'zbekistondan 65 ming kishi qatnashgan.

1,5 mingdan ziyodi halok bo'lgan, 2,5 mingdan ortig'i turli jarohatlar bilan qaytgan.

Afg'on urushi faxriylari nazarida bu mamlakatdagi bugungi vaziyatda NATO yoki G'arbning g'alaba qozonishi qiyin.

O'zbekiston faxriy jangchilar birlashmasi turli viloyatlarda Afg`onistonda urush tugaganining 20 yilligini nishonlab, qahramonlar xotirasi uchun o'rnatilgan yodgorliklar poyiga gullar qo`yilmoqda.

Birlashma raisi, afg'on urushi faxriysi Tal'at Murodovning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, qonli janglardan omon qaytgan insonlarni qanchalik e'zozlasak shuncha kam.

"Bugun ham "Motomsora ona" haykali poyiga gullar qo'ydik. Afg`onistonda halok bo`lgan jangchilarni ism-shariflarini xotira kitobiga kiritishni rejalayapmiz. Tashkilotimizning asosiy maqsadi afg`on urushi faxriylariga yordam ko`rsatish, ularni moddiy qo`llab-quvvatlash. Bu borada davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlaymiz", - deydi Tal'at Murodov.

Faxriy nazarida Afg`onistondagi bugungi vaziyat avvalgi urush davridan keskin farq qiladi.

"AQSh terrorga qarshi kurashamiz deyapti. Lekin giyohvand moddalar yetishtirish 95 foizga chiqqan, bizning davrimizda 10 foiz edi. Zavodlarini buzib yo`qotar edik. Keyin terrorizm o`choqlari ham Afg`onistonning o`zida yo`q edi. Pokistonda, Eronda bo`lardi. Hozir Afg`onistonning o`zida paydo bo`lgan", - deydi Tal'at Murodov.

U avvalgi va hozirgi urush sabablarini geosiyosatda, Afg`onistonning buyuk davlatlar uchun ahamiyati kattaligida ko'radi.

"Chunki NATO terrorizmni yo'qotish uchun kurashayotgani yo'q. Asosiy maqsad Afg'onistonning (tabiiy) boyliklari, mamlakat hududini egallash. Janjal asosan shuning uchun ketmoqda", - deydi faxriy.

Sovet-afg'on urushida mujohidlar, SSSRga qarshi kurashayotgan jangarilar G'arb, xususan Amerika tomonidan quvvatlanganini aytib o'tish joiz.

G'arb Sovet Ittifoqini bosqinchilikda ayblagan va muhojidlar NATO kabi tashkilotlar nazarida erkinlik uchun kurashayotgan edi.

SSSR rahbariyatining maqsadi esa Afg'onistonda kommunistik hukumat tuzib, shu mafkuraga asoslangan jamiyat qurish edi.

Bo'linib ketish arafasida turgan ittifoq bu maqsadga erisha olmasligini anglagan holda afg'on sarhadini tark etdi, lekin bu yurtga tinchlik kelmadi.

Turli elat va partiyalar hokimiyat uchun kurasha boshladi. 1996 yilda Tolibon hukmronlik o'rnatdi.

Bu hukumat 2001 yilning so'nggida AQSh kuchlari tomonidan ag'darildi. Shundan beri Amerika yetakchiligidagi xalqaro qo'shinlar Tolibon va Al-Qoidaga qarshi harbiy operatsiyalar olib bormoqda. Barqarorlikdan hamon darak yo'q.

AQShning yangi rahbari Barak Obama Afg'onistondagi qo'shinlar sonini ko'paytirish haqida qaror qabul qildi. Yangi strategiya ustida ish ketmoqda.

Toshkentda prezident Islom Karimov bilan muloqot qilgan AQSh Markaziy qo`mondonligi rahbari general Deyvid Petreus asosan Afg`onistondagi vaziyatga e'tiborni qaratgan.

Sharhlovchilarga ko`ra Rossiya ham Afg'onistondagi harakatlarga faol hissa qo'shmoqchi va u yerdagi rolini oshirmoqchi.

"AQSh Afg'onistonda harakatlarini jadallashtirar ekan, Rossiya ham AQShga qarata o'z faoliyatini jonlantirmoqda", - deydi siyosiy tahlilchi Farxod Tolipov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG