Breaking News

Tolibon safi xorijiy jangarilar hisobiga kengaymoqda


Afg’onistonda Tolibon safiga ko’plab xorijiy jangarilar qo’shilmoqda.

Mamlakatda suiqasd portlashlarining ko’payishi, deydi mutaxassislar, aynan shu bilan bog’liq. Safi kengaygan sari va qoradori savdosi kuchaygan sari Tolibon oyoqqa turyapti.

Tolibon safida xorijliklar doimo bo’lgan – aksariyati Pokistondan Afg’onistonga o’tgan jangarilar.

“Shuningdek, toliblar orasida arablar, jumladan Saudiya Arabistoni, Livan va Misr fuqarolari, o’zbek, chechen va pokistonlik pashtunlar bor,” - deydi tahlilchi Set Jouns.

New York Times gazetasi yaqinda Afg’onistonda sibirlik bir jangari qo’lga olingani haqida yozgan – Tolibon qatorida kimlar jang qilayotganidan yana bir nishona.

1980-yillarda Afg’onistonda sovetlarga qarshi kurashish uchun yog’ilib kelgani kabi yangi avlod jangarilarining maqsadi ham – jihod.

Afg’onistondagi xorijiy kuchlarga qarshi jihod, deydi Set Jouns. Uning aytishicha, jangarilar g’arb harbiylarini islomga qarshi salib yurishi e’lon qilgan bosqinchilar deb biladi.

NATO qo’mondonligiga ko’ra Afg’onistonda chet ellik jangarilar faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot ko’p, lekin AQSh harbiylari ular soni oshayotgani haqidagi xabarlarni rad etadi.

Ammo shuni aniq aytish mumkinki, Afg’onistonda o’z-o’zini portlatish hollari avjida. Ko’pini xorijiy jangarilar amalga oshirayotgani aytiladi.

Portlashlarda ko’p hollarda oddiy aholi halok bo’ladi.

Tahlilchi Set Jouns fikricha chet ellik jangarilar o’zi bilan qo’lbola portlovchi moslamalar olib keladi va qo’poruvchilikda internet va axborot vositalaridan foydalanadi. Natijada Tolibon kuchiga kuch qo’shilyapti.

AQSh harbiylari fikricha esa Tolibon koalitsiya bilan yuzma-yuz kurashishga emas, faqat “urib-qochish”ga usta xolos. Ammo portlashlarda oddiy fuqarolar o’layotgani afg’on hukumatiga ishonchni pasaytirmoqda.

XS
SM
MD
LG