Breaking News

Pokiston hozircha terrorchilardan qanday qutulishni bilmaydi


Pokistonning yangi saylangan Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloni terrorizmga qarshi kurash uning bosh maqsadi bo’lishini ta’kidlamoqda. Pokistonda o’rnashib olgan Tolibon kuchlari esa hukumat bilan muzokara qilish istagida.

Pokiston shimoli-g’arbi - terror manbai. Afg’oniston bilan chegaradosh bu hududda hukumat bir necha yillardan beri jangarilar bilan olishib keladi.

Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloni “terrorizmga barham beramiz” deydi.

Yangi koalitsion hukumat jangari guruhlarga nisbatan qanday siyosat yuritish ustida o’ylanmoqda.

Parlament a’zolari va qurolli kuchlar qo’mondonligi bilan maslahatlashayotgan G’iloni qurolli kurashdan tinchlik muzokaralari va insonparvarlik dasturlarini afzal ko’radi.

Lekin AQSh Markaziy Razvedka Agentligi rahbari Maykl Xeyden yaqinda Al-Qoida Pokistonda va yangi hujumlarga tayyorlanmoqda deya ogohlantirdi. Pokiston xavf ko’lamini anglashi lozim deydi Xeyden.

“So’nggi bir yarim yil ichida Al-Qoida jangarilari Afg’oniston va Pokiston chegarasida mahkam joylashib oldi, xuddi o’z uyida yurganidek. Terror rejalari tuzmoqda va jangarilarni tayyorgarlikdan o’tkazmoqda”,- deydi Xeyden.

AQShning Pokistondagi sobiq elchisi Uilyam Milam fikricha ham rasmiy Islomobod jangarilarga qarshi keskin choralar ko’rishi kerak.

“Al-Qoida va Tolibon Pokiston davlatini yemirib, uni parchalashni maqsad qilgan. Yangi hukumat oldida bu yovuz kuchlarni yo’q qilishdek murakkab vazifa turibdi”,- deydi AQSh rasmiysi.

Siyosiy tahlilchi Liza Kurtis Pokiston yangi parlamenti asosiy diqqatni terrorga qarshi kurashga qaratayotgani ijobiy o’zgarish deydi.

“Terroristlarni mamlakatdagi ildiziga bolta urish avvalo Pokiston xalqi qo’lida”,- deydi olima.

Kurtis nazarida xalqni jangarilardan uzoqlashtirish uchun qashshoqlikda kun kechirayotgan qabilaviy hududlar iqtisodini rivojlantirish lozim.

“Aholi dardini hozir hech kim tinglamaydi. Oqibatda ular hukumatdan bezib, jangarilardan madad kutadi. Odamlar ko’ngliga yo’l topmoqchi bo’lsangiz, ularning turmushini yaxshilang”,- deya maslahat bermoqda siyosiy tahlilchi.

Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy iqtisodiyotni ko’tarish va ta’lim tizimini rivojlantirishga va’da bergan.

Pokistonda asoslangan Tahrik-i-Tolibon jangari guruhi rahbari Baytulloh Maqsud “Pokistonga emas, AQShga qarshi urush ochganmiz”,- deydi.

Pokistonlik siyosiy tadqiqotchi Haydar Malik esa AQSh jangarilar orasidagi mo’tadil kuchlar bilan bog’lanishi kerak degan fikrda.

“Pokistonning yangi hukumati mamlakatdagi terror kuchlari AQShga hujum qilishini istamaydi. Buni bilgan Tolibon rasmiy Islomobod baribir “biz bilan gaplashadi” deb umid qilmoqda. Gaplashganda ham shunday shartlar qo’yish kerakki, oxir-oqibat mo’tadil kuchlar yordamida ular orasidagi ekstremistlar yo’q qilinsin”,- deydi Haydar Malik.

XS
SM
MD
LG