Breaking News

Pokiston Mumbay hujumchilarining iziga tushgan


AQSh bosh diplomatlaridan biri Jon Negroponte Hindiston rasmiylari bilan uchrashib, mamlakat razvedka idoralari faoliyatini takomillashtirish borasida muloqot qilgan.

Dehliga tashrif buyurgan davlat kotibi muovini Hindistonga hamkor davlatlar Mumbay xurujlarini tergov qilishda ko’maklashishi lozim deydi. Negroponte sal avval Pokistonda ham shu masalani ko’targan.

Pokiston rasmiylari Jamoat-ud-Davo xayriya tashkilotining hisob raqamini muzlatib, uning idoralarini birma-bir yopishda davom etmoqda. Guruh Pokistonda man etilgan Lashkar-i Toiba jangari guruhining bir qismi hamda Mumbaydagi xurujlarga aloqador deb ko’riladi.

Hafta boshida BMT Xavfsizlik Kengashi Jamoat-ud-Davoni terrorchi tashkilot deb belgilagach, uning rahbari Hafiz Muhammad Said uy qamog’ida saqlanmoqda.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahmud Qurayshi “BMT talabiga bo’ysunib, muayyan guruhlarni tekshiryapmiz, ammo tergov Hindiston yordamisiz davom eta olmaydi”, - deydi. Vazir qo’shni davlatdan qo’lidagi barcha axborot bilan bo’lishishni so’ramoqda.

Jamoat-ud-Davo guruhi Pokistonning barcha yirik shaharlarida o’z idorasiga, minglab talaba va tarafdorga ega. Rasmiy Islomobod shu bois qadamini o’ylab bosishga majbur. Hukumat hatto guruh rahbari Hafiz Muhammad Saidga matbuot anjumani o’tkazishga ruxsat bergan. U Lashkar-i Toiba bilan aloqalarni rad etadi.

Guruh idoralarida o’tkazilayotgan tekshiruvlar televideniye orqali ko’rsatilar ekan, Kashmirda taxminan 500 kishi “Hindistonga, hindularga la’nat” deya namoyishga chiqqan.

Hindiston hech qanday dalil-isbot taqdim etmagan bo’lsa, Jamoat-ud-Davo idoralari nega yopilmoqda degan savolga, Pokiston Mudofaa vaziri Ahmad Muxtor “BMT talabiga bo’ysunishga majburmiz, aks holda tashkilot Pokistonni terrorchi davlat deb belgilashi mumkin” deydi.

Mumbaydagi voqealar ortidan Dehli-Islomobod munosabatlari keskin sovuqlashgan. Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx Pokistonni “terrorizm o’chog’i” deb atagan.

XS
SM
MD
LG