Breaking News

Pokiston Mumbay xurujiga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortadi


Pokiston hukumati o’tgan yilgi Mumbay xuruji yuzasidan diniy peshvo Hofiz Saidni savolga tutmoqda. Yana 7 kishi ustidan sud ishi qo’zg’atilgan.

Hindiston bu shaxslar javobgarlikka tortilsin, deb shart qo’ygan. Shundagina Dehli Islomobod bilan to’xtab qolgan tinchlik muzokaralarini davom ettirishga rozi.

Uzoq tortishuv, xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Pokiston nihoyat Mumbay xuruji uning hududida rejalanib, o’sha yerdan boshqarilganini tan olgan.

Rasmiy Islomobod hujum borasida mustaqil tergov boshlagan; Ravalpindidagi maxsus turmada, yopiq eshiklar ortida xurujga aloqadorlikda gumon qilingan yetti shaxs taqdiri hal qilinmoqda.

Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malikning aytishicha, Hindiston taqdim etgan oz, yuzaki axborot asosida Islomobod tergov o’tkazgan. Dalil-isbot ko’rib chiqilib, qamoqqa olingan yetti shaxsga kelasi hafta rasman ayblov qo’yiladi. Biroq, deydi Rahmon Malik, adolat talab qilayotgan Hindiston bu ayblovni isbotlovchi qo’shimcha dalil taqdim etishi kerak.

Uning aytishicha, mavjud dalillar yetarli emas. “Har qanday gumonni yengishga qodir axborot, ekspert fikrini havola eting”, - deydi Pokiston Ichki ishlar vaziri.

Rahmon Malik Mumbay xuruji tergoviga pokistonlik peshvo, “Lashkari Toiba” jangari guruhi asoschisi Hofiz Said ham jalb qilinganini aytmoqda. Biroq Dehli asosli, salmoqli isbot havola etsagina uni qamoqqa olishimiz mumkin, deydi vazir.

O’tgan yil dekabrida BMT Xavfsizlik Kengashi Said Hofiz va uning tashkiloti Al-Qoidaga aloqador degach, Hofiz uy qamog’iga hukm qilingan. Ammo shu yil iyunida sud ayblov uchun yetarli asos yo’q deya uni ozod qilgan.

Mumbay xurujida 166 kishi halok bo’lgan, so’ngra Dehli Islomobod bilan tinchlik muzokaralarini to’xtatgan edi. Aybdorlar javobgarlikka tortilmas ekan, muloqotga qaytish haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi Hindiston rasmiylari.

XS
SM
MD
LG