AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Pokistonni Mumbaydagi terror xurujlari bo'yicha olib borilayotgan tergovga yordam berishga da'vat etmoqda. Rays bugun Dehlida, ertaga esa Pokistonda bo'ladi. Ikki davlat o'rtasidagi ziddiyatlarni yumshatishga harakat qilmoqda.
Kondoliza Raysning aytishicha, Mumbaydagi xurujlarga al-Qoida aloqador bo'lishi mumkin, ammo bu hozircha isbotlanmagan.
Islomobodda AQShning yana bir rasmiysi, bosh shtab qo'mondoni admiral Mayk Myullen ham mintaqadagi vaziyatni pokistonlik hamkasblari bilan muhokama qilmoqda.
Davlat departamenti so'zlovchisi Robert Vudning aytishicha, xurujlardan xulosa chiqarishga hozircha erta. Pokiston tergovga qo'ldan kelgancha yordam berishi zarur. Xurujni kim amalga oshirganini Hindiston va Pokiston bilan hamkorlikda tagiga yetamiz, deydi AQSh rasmiysi.
Hindiston xurujlar Pokistonda rejalangan deya qo'shnisini tanqid qilgan bo'lsada, ikki tomon aloqalari uncha taranglashmagan, o'tmishda bo'lgani kabi chegara bo'ylab qo'shinlar tortilmagan.
AQSh razvedkasiga ko'ra xurujlarni Pokistonda joylashgan Lashkar-i-Toiba jangari guruhi amalga oshirgan bo'lishi mumkin. Lashkar-i-Toiba AQSh Davlat departamentining xalqaro terrorchi guruhlar ro'yxatiga kiritilgan.
AQSh mutaxassislari va Federal Qidiruv Byurosi agentlari Mumbayda hind politsiyasiga tergovda yordam bermoqda.