Hindiston Tashqi ishlar vaziri Pranab Mukerji Mumbay shahriga qilingan hujumlar ketidan qo’shni Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariyga qo’ng’iroq qilganini rad etmoqda.
O’zini Hindiston vaziri deb tanishtirgan shaxs muloqot chog’ida Zardariyga dag’dag’a qilgach, mamlakat havo kuchlari harbiy tayyorgarlik holatiga keltirilgan.
Pranab Mukerji fikricha, Pokiston rasmiylarining buzg’unchilar so’ziga laqqa tushib, harbiy qaror qabul qilishi “tashvishlanarli hol”.
Yadro quroliga ega bu ikki davlat munosabatlari Mumbayda sodir etilgan xunrezlik ortidan keskin sovuqlashgan. Jangarilar o’shanda qariyb 200 kishini, jumladan xorij fuqarolarini o’ldirgan edi. Hindiston voqeada Pokistonni ayblaydi.
Kuni-kecha Pokistonning Britaniyadagi bosh diplomati Vajid Shamsul Hasan qo’shni davlat Pokistonga hujum qilishi mumkin degan da’vo bilan chiqqan. Ammo ma’lumotni qayerdan olganini oshkor etmagan.
Bu orada, Hindiston politsiyasi Kalkutta shahrida jangarilarni telefon SIM kartalari bilan ta’minlagan ikki kishini hibsga olgan. Ular soxta nom ostida jami 22 karta xarid qilib, Pokistonga jo’natganlikda gumon qilinmoqda.
SIM kartalar, deydi Kalkutta politsiya rahbari Javed Shamim, Mumbayda topilgan. “Ammo aniq xulosa qilish uchun tergov yakunlanishi zarur”.
Uttar Pradesh shtatida Mumbaydagi voqealarga aloqador yana bir shaxs, 25 yoshli Fahim Ansari qo’lga olingan. Politsiyaning aytishicha, u Pokistonda joylashgan Lashkar-e Toiba jangari guruhiga shaharning muhim nuqtalari haqida ma’lumot yetkazgan.
Tergov davom etar ekan, tish-tirnog’igacha qurollangan guruh 10 kishidan iborat ekani va ular shaharga baliqchilar kemasida yetib kelgani aniqlangan. Mumbayga yetay deganda, kema kapitani va xizmatchilari o’ldirilgan.
Mumbay mehmonxonalari, restoran va bozorlarida hozirgacha qattiq xavfsizlik choralari ko’rilmoqda. Ayniqsa aeroportlar kuchli nazorat ostida.