Kecha Hindistonning Mumbay shahrida 17 kishini o’ldirgan portlashlar kimning ishi ekani hali ma’lum emas. Ketma-ket yangragan bu uch xuruj haqida xulosa qilishga erta, deydi rasmiylar.
Portlash bo’ladi degan biror alomat sezmadik, deydi hukumatdagilar.
“Gumonimiz bo’lgan shaxslar va guruhlarni qo’lga olib, so’roq qilayapmiz”, - deydi Hindiston Ichki ishlar vaziri Palaniappan Chidambaram.
“Biror kimsani hali ayblayotganimiz yo’q. Tergov ketayapti”.
Kecha iqtisodiy markaz sanalgan Mumbay shahrining gavjum qismlarida ayni tig’iz paytda 20 minut tanaffus bilan uch portlash sodir etilgan.
Dastlab 21 kishi o’lgani xabar qilingan edi. Biroq rasmiylar bu raqam o’zgarishi mumkin, deydi. Aholi norozi.
“Xurujlar bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Uning ijrochilari xato qilayapti”, - deydi mumbaylik mana bu fuqaro.
“Odam o’ldirib nimaga erishmoqchi ular? Beayb kishilar jabr ko’rayapti, axir! Politsiya qayoqqa qarayapti?” – deya so’raydi xalq.
Politsiyaning aniqlashicha, terrorchilar qo’lbola moslamadan foydalangan.
Pokiston va Qo’shma Shtatlar hujumlarni qoralab, jinoyatchilarni javobgarlikka tortishda yordam taklif qildi.
Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton bu yurt ahliga ta’ziya izhor etdi.
“Hindiston xalqi avval ham qonli xurujlar bilan yuzlashgan, falokatni jasorat va sabr-bardosh bilan qarshi olgan edi. Dilda siz bilan, qurbonlar oilalari bilanmiz”, - dedi Xillari Klinton.
Davlat kotibasi kelasi hafta Hindistonga rejalangan tashrifini bekor qilmoqchi emas. Hozir bu hamkor davlatni qo’llab-quvvatlaydigan payt, deydi u.
2008 yilda Mumbay shahrini qamal qilgan 10 jangari 166 kishini o’ldirgan edi. 2006 yilda esa shahar temir yo’llari nishonga olinib, 180 fuqaroni hayotdan olib ketgan. Har ikki fojeada hindlar aybni Pokistondagi jangarilardan ko’rgan.