Breaking News

Hindiston-Pokiston tinchlik muzokaralari AQSh vositachiligida


Qo’shma Shtatlar Hindiston va Pokistonni Mumbay xurujlaridan beri to’xtab qolgan tinchlik muzokaralarini tiklashga undamoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton shu oy oxirida Dehliga safar qiladi. Hindistonga tayinlanayotgan yangi elchi Tim Roumerga qo’shni davlatlarni bir-biriga yaqinlashtirish vazifasi topshirilgan.

Hindiston-Pokiston munosabatlari tarangligicha qolmoqda. Rasmiy Dehli nazarida o’tgan yili Mumbay shahridagi qonli xurujni Pokistondagi “Lashkar-i Toiba” guruhi amalga oshirgan, ammo qo’shni davlat jinoyatga qo’l urganlarni topib jazolashga shoshmayapti. Oqibatda to’rt yillik tinchlik muzokaralari to’xtab qolgan.

Tim Roumer, AQShning Dehlidagi yangi elchisiga ko’ra, Vashington darz ketgan aloqalarni tiklashga, xususan qo’shnilar orasida harbiy hamkorlikni kuchaytirishga ko’maklashmoqchi.

Hindiston bilan do’stona munosabatlar Islomobodga butun e’tiborni Afg’oniston bilan chegarada Tolibonga qarshi kurashga qaratishga imkon beradi.

“Mintaqada tinchlik-osoyishtalik qaror topishidan har ikki davlat manfaatdor”, -deydi elchi Tim Roumer, qonunchilar bilan suhbatda.

“Ishni savdo-iqtisodiy aloqalarni, almashinuv dasturlarini kengaytirishdan boshlagan ma’qul”.

Senator Rass Fayngold nazarida, rasmiy Islomobod Mumbay kabi terror xurujlarining oldini olishda faolroq harakat qila oladi, xususan Lashkar-i Toiba singari guruhlar faoliyatiga chek qo’yish lozim.

Hindiston va Pokiston bosh vazirlari shu hafta Misrda yuzma-yuz muloqot qilishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG