Breaking News

Mumbaydagi xurujda ajnabiy kuchlar gumon qilinmoqda


Kecha Hindistonda qurollangan guruh Mumbay shahrida qator hujumlar sodir etib, kamida 127 kishini o’ldirgan, 300 dan ziyodi jarohat olgan.

Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx fikricha xuruj ortida ajnabiy kuchlar turibdi.

Jangarilar Mumbayda kamida 10 manzilga hujum qilgan.

Sayyohlar ko’p tunaydigan ikki yirik mehmonxona, temir yo’l bekatlari, vokzallar, yahudiylar markazi va kasalxona nishonga olingan.

Guvohlarning aytishicha, jangarilar asosan AQSh va Britaniya fuqarolarini qidirgan.

O’zini Dekkan Mujohiddin deb tanishtirayotgan noma’lum guruh hujumni amalga oshirganini aytmoqda.

Kashmir taqdiri yuzasidan Hindiston bilan kelisha olmayotgan Pokiston maxfiy xizmati ham gumon ostida. Hindiston avval ham terror xurujlarida Pokistonni ayblagan.

Rasmiy Dehli nazarida terrorchilar qo’shni davlatlardan turib Hindistonga tajovuz qilmoqda.

Dehlidan yetib kelgan 200 kishilik maxsus harbiy bo’linma ishga kirishgan.

Toj Mahal mehmonxonasi jangarilardan ozod qilingan, biroq Oberoy mehmonxonasida bir necha kishi hamon garovda ekani haqida xabarlar bor. Harbiylar jangarilar bilan xonama-xona jang qilmoqda. Bino alanga ichida, otishma ovozi quloqqa chalinmoqda.

Hindiston Ichki ichlar vazirligi rasmiysi Shri Prakash Jaysvalning aytishicha, xuruj uzoq vaqt, puxta rejalangan. Lekin hukumat terrorchilarga qarshi munosib javob qaytaradi, deydi u.

Shahar hozir sukutda. Maktablar yopiq. Politsiya aholini ko’chaga chiqmaslikka chaqirmoqda. Mumbay - moliyaviy markaz, qolaversa u yerda Bollivud, ya’ni hind kino studiyalari joylashgan.
Qariyb 13 million aholi yashovchi Mumbay hamon vahimada va kasalxonalar hamon jarohat olganlarni qabul qilmoqda. Ular orasida chet elliklar ham bor.

Hujum paytida Mumbay shahrining terrorga qarshi kurash bo’linmasi rahbari Xemant Karkare va 11 politsiyachi o’ldirilgan.

Politsiya esa 4 jangarini o’ldirib, 9 nafarini hibsga olgan.

XS
SM
MD
LG