Breaking News

O'zbekiston Afg'onistonda tinchlikni tiklashga yordam berishi kerak


Bahor Afg’onistonda nafaqat tabiat uyg’onadigan davr, balki bu faslda Tolibon yanada kuchga to’ladi.

Tog’li hududlarda muz eriy boshlar ekan, yo’llar ochiladi va jangari harakatlari avj oladi deydi rasmiylar.

Tolibon hokimiyatdan ag’darilganiga olti yildan oshdi, biroq mamlakat hali ham notinch.

Qo’shni davlatlar, xususan O’zbekiston hukumati vaziyatdan xavotirda ekanini qayd etib keladi. Sharhlovchilar fikricha Islom Karimov rahbariyati Afg’oniston barqarorligi yo’lida faollik ko’rsatishi va mamlakatni qayta tiklashda yaqin qo’shni sifatida o’z hissasini qo’shishi kerak.

Siyosatshunoslar nazarida O’zbekiston Afg’onistonga qanday yordam berishi mumkinligi haqida chuqurroq o’ylanib, aniq bir dasturlar bilan chiqishi kerak.

AQSh admirali Vilyam Fallon yaqinda Toshkentga tashrif buyurganida Karimovga qo’shni davlat O’zbekistondan ko’mak kutayotganini eslatib o’tgan.

"AQSh qanchalik qudratli bo’lmasin [bu borada] yordamga muhtoj",- deydi tahlilchi Farhod Tolipov.

Sharhlovchi Toshpo`lat Yo’ldoshev AQSh va O`zbekiston Afg’onistonda hamkorlik qilishga kelishib olgan deydi.

“AQShning yangi elchisi Richard Norland Afg’onistondagi vaziyatni, unga berilayotgan mablag’ni va O’zbekiston taklif qiladigan imkoniyatlarni yaxshi biladi. Hozir Afg’onistonga berilayotgan mablag’ O’zbekistonga ham joylashtirilyapti”, - deydi Yo’ldoshev.

Afg’onistonda o’zbek generali Abdulrashid Do’stum hukumat bilan kelisha olmayapti.

Do’stum yaqinda turkiy xalqlar uyushmasi yetakchilaridan biri Akbarboyni o’z odamlari orqali kaltaklaganlikda ayblandi.

General Afg’oniston shimolini toliblardan tozalaganini aytib, mamlakat tinchligi yo’lida sidqidildan xizmat qilayotganini qayd etib keladi.

O’zbeklar Afg’oniston shimolida ko’pchilikni tashkil etadi. General Do’stum prezident Hamid Qarzayning harbiy masalalar bo’yicha maslahatchisi. Lekin so’nggi hodisalar ketidan u bu lavozimdan vaqtincha chetlatilgan.

Siyosatshunos Farhod Tolipov Do’stum Tolibonga qattiq zarba bergan qo’mondonlardan biri deydi. “Hozirgi kunda ham uning siyosiy jarayonlarga ta’siri kuchli. U hali siyosiy ishlarda faol. Lekin bizdagi siyosiy doiralarda bu ko’p muhokama qilinmaydi”,- deydi u.

Jamiyatshunos Komron Aliyev esa Do’stim va Akbarboy o’rtasidagi mojaro uchinchi bir tomon sabab yuzaga kelgan deydi.

“Akbarboy haqida ko’p narsa ma`lum emas. Lekin shu ma’lumki, u Do’stimning sobiq safdoshlaridan, qo’mondonlaridan biri bo’lgan. Hozirga kelib Karzay hukumati va boshqa siyosiy doiralarni qo’llab-quvvatlashi natijasida [Do’stimdan uzoqlashdi]”, - deya talqin qiladi Aliyev.

Uning fikricha afg’on hukumati Akbarboyga katta lavozim va’da qilgan bo’lishi mumkin. “U o’zini mustaqil sezib, Do’stumga qarshi harakatlar boshlagan hamdir. Natijada ularning o’rtasida janjal chiqqan”, - deydi Aliyev.

Sharhlovchilar nazarida Afg’onistonda vaziyatning barqarorlashishi nafaqat NATO qurolli kuchlariga balki iqtisodiy rivojlanishga bilan bog’liq.

Xalqaro hamjamiyat Afg’oniston taraqqiyoti uchun milliardlab dollar ajratgan.

Biroq, deydi tahlilchilar, markaziy hukumat korrupsiyaga botgan va bunday ahvolda hech qanday yordam samara bermaydi.

AQSh hukumati Karzayni quvvatlab keladi va rasmiy Vashington nigohida Afg’onistonning katta qismi bugun tinch va uzoq yillik urushlardan keyin qayta tiklana boshlagan.

Bush ma’muriyati mamlakat ichki tizimini tiklashga urinmoqda. Kasalxona, maktab va jamoatchilikka xizmat qiladigan boshqa muassasalar va aholi uchun uy-joy bunyod etish kerak. Afg’onistonda yo’llar va maishiy tizimlar tiklanishi zarur.

G’arb rasmiylarining aytishicha O’zbekiston shu masalalarda janubdagi qo’shnisiga yordam bera oladi.

XS
SM
MD
LG