20 avgust kuni Afg’onistonda prezident saylovlari. Poygada 40 dan ziyod nomzod qatnashmoqda.
Amaldagi rahbar, prezidentlikka asosiy da`vogar Hamid Karzay mamlakatdagi barcha elatlar, jumladan, tojik va o’zbeklar ko’ngliga yo’l topishga urinmoqda.
Afg`onistondagi siyosiy jarayonlarda etnik, hududiy birlik muhim o`rin tutadi.
Hamid Karzay saylov oldi muzokaralari natijasida shimoliy Afg`oniston yetakchilarini o`z tomoniga og`dira oldi.
Afg`onistonlik o`zbeklar yetakchisi general Abdul Rashid Do`stum boshliq partiya boshqa bir etnik guruh - hazoralar bilan ittifoq tuzib, saylovda Hamid Karzay nomzodini qo`llashga kelishdi.
Afg`onistondagi mashhur dala qo`mondoni, general Do`stum siyosiy jarayonlarning asosiy o’yinchilaridan.
Yaqinda AQSh prezidenti Barak Obama 2001 yilda asrga tushgan minglab tolibning o`ldirilishi yuzasidan tergov boshlash lozimligini bildirdi. Voqeada general Do`stum gumon qilinmoqda.
General bunday ayblovlarni rad qilib, urush paytida biror kishi qasddan o`ldrilmagani ta`kidladi. Uning aytishicha, bu ma`lumot AQSh mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan.
Tahlillarga ko`ra, Do`stum atrofida boshlangan mojaro atayin saylov arafasida qo’zg’algan va siyosiy o`yinlarni maqsad qilayotgan bo`lishi mumkin. Bu sharhlarga ko`ra, asosiy maqsad saylovdan keyin Do`stumni siyosiy sahnadan chetlatish.
Avvalgi prezident saylovlarida ishtirok etgan general Do`stum Afg`oniston prezidentining mudofaa ishlari bo`yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi.
Afg`oniston o`zbeklari general Do`stumni, shubhasiz, yetakchi deb biladi.
“Bu dushmanlar tomonidan uyushtirilayotgan narsa. General Do`stum bir xalqning, millatning rahbari. Bunday narsalar bo`lmaganini general ham rad etib chiqdi”, - deydi afg`onistonlik o`zbeklardan biri.
Tahlilchilarga ko`ra, Afg`oniston saylovlar qizg`in o`tishi bilan birga keskin beqarorlikka ham sabab bo`lishi mumkin.
Hamid Karzay prezidentligi Afg`oniston xalqi uchun kutilgan natijalarni keltirmagan, mamlakatda korrupsiya avj olib, aholining hukumatga ishonchi oqlanmagan, qashshoqlik, beqarorlik davom etmoqda.
“Karzayda imkoniyatlar yuqori. Lekin Afg`onistonda vaziyat shundayki, hokimiyatga har qanday yangi kuch kelsa, keyingi vaziyat qaysi tomonga o`zgarishi noma`lum. Gap shundaki, hech qaysi siyosiy kuch Afg`onistondagi vaziyatni to`liq boshqarishga qodir emas, prezident Karzayning o`zi ham. Har holda Karzay ozmi-ko`pmi ish qildi, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo`llanmoqda. Shularni hisobga olsak, Karzayda imkoniyatlar bor”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.
20 avgustga belgilangan prezident saylovlari munosabati bilan xalqaro koalitsiya xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Toliblar saylovni boykot qilishga chaqirgan.