Afg’onistondagi urushdan qochib Germanyada qo’nim topgan o’zbekistonlik tadbirkorlar Markaziy Osiyodan imkoniyat izlab keladi.
Ular tarixiy vatanda tijorat-savdo aloqalarini rivojlantirishni nafaqat daromad imkoni, balki burch sifatida ham ko’radi.
Biroq O`zbekistonda ish qilish oson emasligini bu tadbirkor ham bilib qolgan.
Asli afg’onistonlik savdogar Muhammad Sodiq 30 yildan buyon Germaniyada yashaydi. U bu davlatda prezident Islom Karimov bilan uchrashgan kam sonli o`zbeklardan.
“Taxminan 1990 yillarning boshi edi. Islom Karimov Germaniyaga safar bilan kelgan ekan. Islom aka o`zbeklar bormi, deb so`rabdi. Keyin bir necha kishi bordik, uchrashib gaplashdik. O`zbekiston mustaqil bo`lganidan, o`z bayrog`ini ko`targanidan, o`z rahbariga ega bo`lganidan xursandligimizni aytdik. Bu Islom akaga juda yoqdi. Kezin bizni O`zbekistonga taklif qildi, siz tashqaridasizlar, O`zbekistonga yordam beringlar, deb aytdi“, - deydi tadbirkor.
Muhammad Sodiqning aytishicha, prezident Karimovning gaplari chetdagi o’zbeklarni ruhlantirgan. Biroq bu uzoqqa cho`zilmagan. O`zbekistonda biznes qilayotgan xorijlik vatandoshlarga bosim kuchaygan, jumladan, Muhammad Sodiqqa ham.
“O`zbekistonga bordim. Qancha konteyner mol olib bordim. Xullas, mehmonxonada yotgan edim, orqamdan askar keldi. Sen nima qilding, nima qilyapsan deb. Men bu yerga ishlagani keldim, buni Islom akaning o`zi aytgan dedim. Xullas, meni kattasining oldiga olib bordi, men bilan amerikalik o`zbek ham bor edi. Kattasi bizga bu yerdan tez keting dedi. Nima desang, sizlar bu yerdan mol olasiz, joy olasiz, buni bizga keragi yo`q deydi. Joy olsak, uni orqamizga ortib ketmazmiz, shu yerda qoladi, dedik. Ko`rdikki, bo`lmadi. Ketdik, hamma narsa, molimiz ham, joyimiz ham qoldi”,- deydi u.
Afg`onistonlik boshqa o`zbekning aytishicha ham O`zbekistonda boshlangan biznesi zarar bilan yakunlangan, hozir u biznesini Xitoyda davom ettirmoqda.
“Xorijdagi o`zbeklar orasida boylar ko`p, ruxsat bo`lsa, har bir o`zbek bir million, ikki million olib kiradi. Hozir men o`z biznesimni Xitoyga ko`chirdim, ikkita zavod qurdim, xudoga shukur, qonunlari yaxshi”, - deydi u.
O`zbekiston hukumati xorijlik sarmoyadorlar uchun mamlakatda barcha sharoitlar yaratilganini, tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhiti shakllanganini ta`kidlab keladi.
Hukumatning ta’kidlashicha, chet el sarmoyasi oshib bormoqda; ishlab chiqarishni rejalashtirgan xorij kompaniyalari uchun imtiyozlar belgilangan, amaldorlarning tadbirkorlar faoliyatiga aralashishini cheklovchi qonunniy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Biroq tijoratchilar deydiki, O`zbekistonda biznes yurgizish hamon qaltis, xatarli.
“Darrov biron gap topishadi. Bizning O`zbekistonga biron yomonlik qilish niyatimiz yo`q, lekin buning farqiga borishmaydi”, - deydi Muhammad Sodiq.
2011 yil O`zbekistonda kichik biznes va tadbirkorlik yili sifatida e`lon qilingan. Ular faoliyatini himoya qiluvchi, xususiy biznesga imtiyozlar beruvchi davlat dasturi qabul qilindi.
Biroq bu harakatlar xorijdagi sarmoyadorlarni, xususan, o`zbek tijoratchilarini vatanda ishlashga ko’ndirishi gumonday. Chunki ular O`zbekistonda ishlash qanday ekaniga o`zlarining achchiq tajribalari orqali guvoh bo`lishganini ta`kidlashadi.