Qozog`iston parlamentida prezident yetakchiligidagi “Nur-Otan” partiyasi hukmron. Unda mamlakatda yashovchi boshqa etnik guruh vakillari uchun ham to`qqiz o`rin ajratilgan.
O'zbeklar mamlakat aholisining 3-4 foizini tashkil etadi. Taxminan, 350-450 ming kishi.
O`zbek jamoasining vakili sifatida ko`rsatilayotgan Ro`ziqul Xolmurodov avval Janubiy Qozog`iston viloyati hokimi o`rinbosari bo`lib ishlagan.
Ro`ziqul Xolmurodovdan tashqari o`zbek jamoasi vakillaridan Rustam Qosimov muxolifatdagi “Oq jo`l” partiyasi tarkibida deputatlik o`rni uchun kurashgan, biroq maqsadiga yeta olmagan.
Qozog’istondagi o`zbeklar, ma’lumotlarga ko`ra, “Nur-Otan” partiyasidan tashqari muxolifat uchun, jumladan, “Oq jo`l” partiyasi uchun ham ovoz bergan.
Muxolifatdagi o`zbeklar ham xalqaro kuzatuvchilar va muxolifat singari saylovlar erkin o’tmadi, qolaversa, ovozlar soxtalashtirilgan degan fikrda.
“Sayram sadosi” gazetasi bosh muharriri Abdumalik Sarmonovning aytishicha, deputat Ro`ziqul Xolmurodov o`zbek jamoasi yuzlashayotgan muammolarni yecha olmaydi.
“Bu organ asosan prezident ko`rsatmasiga ko`ra tayinlanadi. Ro`ziqul Xolmurodov go`yoki o`zbeklar vakili sifatida ketayapti. Bir qaraganda, 1995 yildan buyon Qozog`istondagi yuqori qonun chiqaruvchi organda o`zbeklar vakili yo`qligi muammosi hal etilgan. Ikkinchi tomondan esa bu odam real saylovlardan o`tmagan. O`zbek jamoasi oldida hech qanday vakolatlarni bo`yniga olmaganini hisobga olsak, millat uchun foyda bo`lishiga ko`zim yetmaydi”, - deydi Sarmonov.
Sarmonov Qozog`istondagi o`zbek madaniyat markazlari uyushmasining sobiq raisi.
Uning aytishicha, Qozog’istondagi o`zbek maktablarida ahvol og’ir. Ta’lim uch smenada beriladi. O’quvchi ham, o`qituvchi ham nochor. Darsliklar yetishmaydi.
“U kishining (Ro`ziqul Xolmurodov) “Janubiy Qozog`iston” gazetasida bergan intervysiga ko`ra, masalani o`zbek jamoasining muammolari sifatida ko`tarish kerak emas”, - deydi Sarmonov.
Janubiy Qozog`istondagi boshqa o`zbeklarning aytishicha, saylovlarda asosan “Nur-Otan” partiyasiga ovoz berilgan. Ular Ro`ziqul Xolmurodovni ham parlamentdagi vakil sifatida qo`llab-quvvatlaydilar.